AOKA nomidan noqonuniy foydalangan yana bir holat aniqlandi

0

Bir qancha vaqt muqaddam Buxoro va Andijon viloyatlarida soxta guvohnoma bilan o'zlarini Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xodimi sifatida tanishtirib, ta'magirlik qilgan shaxslar aniqlangani haqida ma'lum qilingan edi.

2021 yilning 4 iyun kuni Agentlik nomidan noqonuniy foydalanganlik bilan bog'liq yana bir holat aniqlandi.

Ma'lum bo'lishicha, Buxoro viloyati Olot tumani hokimligi matbuot kotibiga 2 nafar fuqaro (I.H. va S.M.) o'zlarini Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi koshidagi «Xalq irodasi» gazetasi muxbiri degan guvohnomani (davlat bayrog'i fonida «Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mintaqaviy ijtimoiy-siyosiy nashr «Xalq irodasi» gazetasi muxbiri» yozuvlari kiritilgan 09-sonli xizmat guvohnomasi) ko'rsatib, tumandagi turli sohalarda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni yoritishni ro'kach qilib, xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari va fermerlar bilan uchrashuv belgilab berishni so'ragan. Shuningdek, ular o'zlarining bu xizmati pullik (bir sahifasi 1 200 000 so'm, yarim sahifasi 600 000 so'm) ekanini aytishgan.

Guvohnomadagi muhrda «Xalq demokratik partiyasi Namangan viloyati kengashi» degan yozuvlar borligi tuman hokimligi matbuot kotibida shubha uyg'otib, u ushbu holat bo'yicha tuman IIBga murojaat qilgan. Ichki ishlar bo'limi xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv davomida ularning yonidan soxta yozuv kiritilgan, davlat ramzlari (gerb va bayroq)dan foydalanilgan xizmat guvohnomasi xolislar ishtirokida belgilangan tartibda hujjatlashtirib olingan. Ayni paytda ushbu shaxslarning harakatlariga qonuniy baho berish maqsadida Olot tumani IIB tomonidan dastlabki tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Aniqlanishicha, «Xalq irodasi» gazetasi muqaddam O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi Namangan viloyati kengashi muassisligida ochilgan bo'lib, 2020 yil oktyabr oyida tugatilgan va 2020 yil 27 oktyabr kuni «Xalq irodasi» MChJ muassisligidagi «Xalq irodasi» jurnali sifatida qayta ro'yxatdan o'tgan. Shunday bo'lsa-da, I.H. tugatilgan gazetaning muhri va AOKAning nomi kiritilgan xizmat guvohnomasidan qonunga zid ravishda foydalanib kelgan.

Shuningdek, “Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi” degan soxta yozuv aks etgan qalbaki guvohnomadan g'arazli maqsadlarda foydalanib, mahalliy davlat hokimiyati vakillari, tadbirkorlik sub'yektlari, tashkilot va muassasalar rahbarlaridan asossiz ravishda ma'lumotlar yig'ib, ta'magirlik qilib kelgan.

Xulosa o'rnida eslatib o'tamiz, xizmat guvohnomalarini tayyorlashda davlat ramzlari fonida foydalanish maqsadida muayyan huquq beradigan soxta (noto'g'ri) ma'lumotlar kiritish, uning qalbaki ekanini bila turib, undan foydalanish amaldagi O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) hamda Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 203 prim-1 moddasi (davlat ramzlari to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzish) talablariga zid hisoblanadi.

darakchi.uz

loading...