Qorabog'da mina portlashi natijasida OAV xodimlari halok bo'ldi

0

Ozarbayjonning Kelbajar viloyatida mina portlashi natijasida uch kishi — AzTV telekanali operatori, AzerTAdj axborot agentligi xodimi hamda Susuzlug' qishlog'i favqulodda vaziyatlar vazirligi boshlig'i o'rinbosari halok bo'ldi, yana to'rt kishi jarohatlandi. Bu haqda mamlakat Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi ma'lum qildi.

«4 iyun kuni Kelbajar viloyatiga yuborilgan OAV xodimlari bo'lgan Kamaz avtoulovi Susuzlug' qishlog'ida tankka qarshi minaga uchrab, portladi. Natijada uch kishi halok bo'ldi, yana to'rt kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizildi», — deya xabar berilmoqda huquqni muhofaza qilish organlarining qo'shma bayonotida.

Hodisa yuzasidan Ozarbayjon harbiy prokuraturasi jinoiy ish qo'zg'atdi, tergov ishlari olib borilmoqda, deydi Ozarbayjon IIV.