​ASTMA KASALLIGI QANDAY DAVOLANADI?(2 QISM)

0

Astma kasalligi yosh tanlamasligi, ayniqsa, bolalarda kuzatiladigan surunkali xastaliklar orasida yetakchi o'rinda turishi bilan barchani jiddiy tashvishga soladi. Xo'sh, bolalardagi astma kasalligini qanday davolasa bo'ladi? Kattalarda-chi? Astma irsiy kasallikmi?

SSV matbuot xizmatining shu kabi savollariga Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi direktori Nargiza PARPIYEVA javob beradi.

— Astma irsiy kasallikmi?

— Bronxial astma bilan og'rigan kattalarning uchdan bir qismi bolaligida aynan ushbu xastalikka chalingan bo'ladi. O'smirlik paytida undan xalos bo'lgan odamlarning katta bo'lganlarida astma xavfiga duchor bo'lish ehtimoli yuqori. Bu paytda kasallikning rivojlanish xavfi irsiy omillar, shuningdek, atrof-muhitning ta'siri bilan yanada kuchayadi.

Tibbiyotda bronxial astmaning kelib chiqish sabablari orasida nasliy moyillik alohida tilga olinadi. Ayniqsa, allergik bronxial astmada irsiy omillar muhim o'rin tutadi. Agar ota-onaning birida kasallik mavjud bo'lsa, tug'ilajak farzandda xastalikning ehtimoliy darajasi 20-30 foizni tashkil etadi. Bordi-yu, ota-onaning ikkisi ham astmatik hisoblansa, kasallikning nasl surish ehtimoli 75 foizni tashkil qiladi.

— Bolalarda astma kasalligi qanday davolanadi?

— Odatda bolalarda astma ikki bosqichda davolanadi. Birinchi galda kasallikni keltirib chiqaruvchi omillar – allergen, sovuq havo, tashqi muhitdagi begona moddalar(tamaki, chang)ni aniqlab, ularni bartaraf etish zarur. Ikkinchisi, kasallikni dori bilan davolash usulidir. Bu usulni doimiy yoki xastalik xuruj qilganda amalga oshirish mumkin.

Shifokorlar bunday paytlarda ko'pincha gormonal preparatlar, glyukortikoidlar, ingalyatsion bronxolitiklar va antileykotrien dori vositalaridan keng foydalanadi. Parhez tutish buyuradi. Bolalarda davolash to'g'ri olib borilsa ularning 50 foizi butunlay tuzalib ketishi mumkin.

— Kattalarda kasallik qanday davolanadi?

— Astma qancha erta aniqlansa, muolajalar shunchalik yaxshi foyda beradi. Aniqlangan xastalik bosqichiga ko'ra, turli dori vositalari va fiziomuolaja (nafas yo'llari gimnastikasi, mashqlar, suzish va boshqa chiniqtiruvchi usul) lar bilan davolanadi.

Shuni aytish lozimki, bronxial astma surunkali xastalik bo'lib, undan butunlay xalos bo'lish qiyin jarayon hisoblanadi. Biroq to'g'ri tanlangan muolaja usullari yordamida bemorning umumiy holatini uzoq va barqaror holatga olib kelish va bu orqali uning salomatligini yaxshilash mumkin.

Bronxial astmada ingalyatsion bronxolitiklar ( qisqa va uzoq ta'sir qiluvchi) ingalyatsion glyukokortikoidlar, antileykotrient dori vositalari katta samara beradi. Bemorlar doimiy ravishda o'zini nazorat kilib yurishlari kerak, xar kanday ahvoldagi o'zgarishlarini o'z vaqtida shifokor bilan maslaxatlashib davoni davom ettirishlari kerak.

Shifokorlar kasallikdan himoyalanish uchun eng birinchi galda allergenlardan ehtiyot bo'lishni tavsiya etadi. Ayniqsa, bemor yashayotgan uy ozoda bo'lishi, xonalar tez-tez shamollatib turilishi, atrofda chang zarralari, kimyoviy vositalar, hayvonlar (mushuk, it) bo'lmasligi lozim. Ammo inson hayoti davomida baribir allergenlar bilan “uchrashadi”. Shu bois bemor bronxlarini himoya qila olishi kerak.

Buning uchun yuqori samarali maxsus dorilar yordamida doimiy bronx devorlari yallig'lanishini bir me'yorda ushlash talab etiladi. Bundan tashqari, kasallikni oldini olish uchun AQID (Allergenga qarshi immuno davo) terapiya usuli qo'llanilish ham yaxshi samara beradi. Faqat bu muolaja allergolog nazoratida olinishi zarur.

Yana bir gap. Astma ko'pincha uyqu paytida ko'proq namoyon bo'ladi. Boisi bu vaqtda nafas olish yo'llari sezgirligi ortib, o'pkaning qisqarishi pasayadi. Shuningdek, tunda organizm o'pka faoliyatini o'zgartiruvchi maxsus moddalarni ishlab chiqaradi va tana harorati pasayadi. Bu esa nafas yo'llarining sovushiga olib keladi.

Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.

loading...