Bir guruh ayollar O'zbekiston hukumati binosi oldida norozilik namoyishi uyushtirdi. Sabab nima edi?

0

O'zbekiston Vazirlar Mahkamasi binosi oldida uch nafar ayol — D.S., A.A., va G.A. 7 iyun kuni namoyishga chiqib, ommaviy axborot vositalariga yong'in yuzasidan qo'zg'atilgan jinoyat ishi doirasida ular jabrlanuvchi deb e'tirof etilmagani, ish tafsiloti jamoatchilikdan yashirib kelinayotganini e'lon qildi.

Samarqand viloyati prokuraturasining ma'lum qilishicha, 24 may kuni tunda Past Darg'om tumanidagi «Pastdarg'om meva-sabzavot» MChJ avtoturargohi hududida joylashgan fuqaro Sh.U.ga tegishli bo'lgan yengil konstruksiyali savdo do'konlar va unga yaqin masofada joylashgan poliz ekinlari sotishga mo'ljallangan pavilonlarda yong'in yuz bergan.

Voqea joyi ko'zdan kechirilganida 120 kvadrat metr maydondagi jami 8 ta savdo do'koni, 90 kvadrat metr maydondagi 5 dona yengil konstruksiyali pavilonlar va ichidagi mahsulotlar to'liq yonib ketgani aniqlangan.

Shu kuni Past Darg'om tuman prokuraturasi tomonidan holat bo'yicha Jinoyat kodeksining 173-moddasi 1-qismi (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari tuman IIB huzuridagi TBda tuzilgan tergovchilar guruhi tomonidan olib borilmoqda.

Yong'in sababini aniqlash maqsadida sudga oid yong'in texnika ekspertizasi tayinlangan.

Tergov jarayonida fuqarolar D.S., A.A., va G.A. va boshqalar holat yuzasidan batafsil so'roq qilinib, 6 nafar fuqaro jinoyat ishi yuzasidan jabrlanuvchi sifatida e'tirof etilgan.

«Jabrlanuvchilar tomonidan ko'rsatilgan barcha vajlar tergov davomida har tomonlama o'rganib chiqilishi ta'minlanadi. Mazkur jinoyat ishi tergovi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan», — deyiladi viloyat prokuraturasi xabarida.

Toshkentda so'nggi marta mart oyining oxirlarida bir jinsli munosabatlarning qonuniylashtirilishiga qarshi bo'lgan faollar poytaxt markazida norozilik bildirgandi. Bundan tashqari, 2019 yilning avgustida bir guruh shaxslar bilan Bosh prokuraturaning ma'muriy binosi oldida bosh prokuror tomonidan fuqarolarning qabuli o'tkazilmaganligi haqida norasmiy norozilik namoyishi o'tkazilgandi.

loading...