Isroillik arxeologlar Yavne shahrida olib borgan qazishmalar chog'ida abbosiylar davridan qolgan tuxumga duch kelishdi. “Evronyus”ning xabar berishicha, tuxum axlat chuquridan topilgan.
«Juda hayron bo'ldik. Vaqti-vaqti bilan tuxum po'choqlarini topamiz, lekin butun tuxumning topilishi favqulodda hodisa bo'ldi», – deydi qazishmalarga rahbarlik qilgan Alla Nagorski.
Tuxum asrlar davomida bus-butun saqlangan, biroq uni laboratoriyada sindirib qo'yishgan. Ma'lum bo'lishicha, tuxumning ichida ozroq sarig'i qolgan, olimlar buni DNK tadqiqoti o'tkazish uchun imkoniyat deb hisoblamoqda.
«Balki tuxumning ichini tekshirib ko'rish uchun uni baribir sindirishimizga to'g'ri kelgan bo'lardi», – deya hamkasblarini yupatdi Nagorski.
Qazishmalar chog'ida chiroq va suyakdan yasalgan uchta qo'g'irchoq ham topilgan. Nagorskining aytishicha, topilgan chiroq abbosiylar davriga xosdir, shu sababli tuxum ham abbosiylar davridan qolgan deb hisoblanyapti.