Soqol, undoq, ro'mol bundoq!..

0

Ro'mol yoki soqol haqida gap ochilsa, juda hafsala bilan, o'zgacha shiddat va shijoat bilan muhokama qilishga tushamiz! Aqlli, dono, chereschur donishmand, madaniyatli, ilmli, taqvodorlar bilan fahmsiz, g'alcha, beaql, dahriy, o'risqul va hokazolar aralash-quralash bo'lib ketadi. Uyat, uyat! Butun dunyo rivojlanib, hayoti farovon bo'layotgan bir paytda biz «soqol undoq, ro'mol mundoq» deya har insonning mutlaqo shaxsiy ishi bo'lgan narsalarga o'ralashib yuribmiz. Qanchalab xotunlar ro'molli qizlarimizni allaqanday kek va g'azab ila kamsitmoqchi bo'lishadi, kap-katta erkaklar: «ro'mol orqadan falon tarzda o'raladi», deya xotinchalish gaplarni yozishadi. Nima ishlaring bor, birovlarning shaxsiy hayotiga aralashib?! Kalta yubka, tirsillagan shim kiyib yurganlar bilan hech kimning ishi yo'q! Ming karra uyat! Ilm, taraqqiyot, tarix, oriyat, milliy o'zlik haqida gap ochib ko'ring – birovi nima deyapsan, demaydi! Qiziqmaydi, e'tiborga ilmaydi! To'g'ri, bitta-yarimtasi qo'rqa-pisa gapga qo'shiladi: «millatchilik qilmang, bu – yomon», «o'ris» demang – ko'ngliga tegadi, rus deng», «ruscha gapirishning nimasi yomon» qabilidagi «o'ta aqlli» fikrlarni aytishadi. Boshqa millat vakillari bizning ulug'larimiz, tilimiz, tariximiz va qadriyatlarimizni ochiqcha tahqirlab yozishsa – jimmiz, «bag'rikeng»miz. Agar tarixiy shaxslarimizni o'zimiz ulug'lasak, darhol yana o'z millatdoshlarimiz: «u qonxo'r bo'lgan!», «xotinboz bo'lgan», «bosqinchi bo'lgan» qabilidagi xojalari o'rgatgan gaplarni to'tiqushdek takrorlashga boshlaydilar. Bizga qanday bedavo virus tekkan, o'zi?

Baxtiyor Haydarov

loading...