Uch avlod tajribasi umumlashtirilganda…

0

Uzoq yillardan buyon qishloq xo'jaligi sohasida ishlab kelayapman. Sobiq ittifoq davridagi qishloq xo'jaligiga, bu boradagi xususiy mulkka munosabatni juda yaxshi bilaman. Negaki, ish jarayonida ko'pgina yaxshi-yu yomonning guvohi bo'ldim. Nafaqat guvohi, shu jarayonlarning ishtirokchisiga aylandim. Yoshi ulug'lar, men tengilar bu haqda yaxshi bilishadi. Ayrim yoshlarimizga esa bizning xotiralarimiz ba'zan cho'pchak bo'lib tuyuladi.

G'allachilik, chorvachilik, qishloq xo'jaligining barcha sohalarida dehqonning, oddiy ishchining so'zi yo'q edi. Vaholanki, ayrim hollarda bir necha tajribali mutaxassisdan ko'ra oddiy mexanizatorning, suvchining fikrlari, hatti-harakatlari foydaliroq bo'lardi. Ammo qishloq xo'jaligida, boshqa sohalarda ham men biror marta so'z erkinligini, quyidagilar fikrlarining e'tiborga olinganini ko'rmaganiman.

Mana, bugun hammasi o'zgardi. Yer o'z egasini topdi. Ammo hali ham o'sha eski tuzum meroslaridan to'liq qutulganimizcha yo'q. Bilmadim, mentaletitimiz tufayli hamon rahbarlarning, katta yoshdagilarning so'zini bo'lgimiz kelmaydimi, ko'pincha eskicha holatlarni bilib-bilmay tpakrorlab qo'yamiz. Aslida esa tashabbuslarning asosi yoshlardan chiqadi. Men rahbarlik qilayotgan jamoada ham bunday yoshlar ko'p. Ularning aksari fermerlar. Yaxshi tomoni shuki, bu fermerlar o'zlariga ajratib berilgan yerni ishlatish bilan chegaralanib qolmayapti. Birgina dehqonchilik bilan taraqqiyotga erishib bo'lmasligini his etishayapti. Shu sabab bo'lsa kerak, ular ko'p tarmoqlilikka o'tishga harakat qilishayapti.

Bugun harakat qilgan fermerning ishlab chiqarish korxonalari,  xizmat ko'rsatish shoxobchalari ham bor. Dehqonchilik bilan bir qatorda baliqchilik, parrandachilik, asalarichilikka qo'l urganlar ham ko'pchilik. Men bularni yoshlarimizning Prezidentimiz siyosatiga labbay deb qo'shilayotganida, imkoniyatlardan o'rinli foydalanishga harakat qilayotganlarida, davr ruhini anglay olayotganlarida deb bilaman.

Qishloq xo'jaligidagi o'zgarishlarni, amalda qo'llanilayotgan yangicha texnologiyalar sharofatini  bugun hammamiz his etib turibmiz. Yana e'tiborlisi, biz aytayotgan yangiliklarning bir qismi ota-bobolarimizdan qolgan dehqonchilikning ba'zi jihatlarini qaytadan anglab, qayta o'z ishimizga tatbiq etayotganimizdir. Ulardan biri to'qsonbosti ekinlarini ekishdir. Ular asosan sabzavot ekinlaridir.

Yana bir tomoni bizning tumanimiz azaldan dehqonchilikning bunday turlariga ixtisoslashgan deyish mumkin. Odamlarimiz piyoz, sarimsoq, qalampir, bulg'or qalampiri, boyimjon, lavlagi kabi ekinlar   parvarishini boshqa hududlardagi dehqonlarga nisbatan ancha yaxshi o'zlashtirishgan. Bir necha fermerlarimiz dalasida ismaloq ham o'stirila boshlandi. Issiqxona tashkil etganlar hosildorlikning yuqoriligiga erishishi, daromadlarining oshishlari bilan bu ishga boshqalarni ham qiziqtirib qo'ydi. G'alla, uzum, kartoshka parvarishi bo'yicha esa bizning dehqonlarimiz, sohibkorlarimizning oldiga tushadigani yo'q.

Ularning qay biridan so'rasangiz, yerning haydalishidan tortib bajariladigan barcha yumushlar, ekin ekish madaniyati-yu, undan olinadigan daromadgacha mufassal aytib bera oladi.

Endi bu ishlarni yoshlarimiz o'rganishayapti. Ular ota-bobolar tajribasini  dehqonchilikning zamonaviy uslublariga hamohang tatbiq etishmoqda. Xullas, bizda keksa va o'rta avlod hamda yosh avlodning hamdamu hamnafas ishlashi, tashabbusu tadbirlarning uyg'unlashuvi faqat ijobiy natijalarga xizmat qilmoqda.

Hayitboy  SATTOROV,

Toyloq tumanidagi “Bog'izog'onagrotexservis” agrofirmasi raisi

 

 

loading...