O'zbek ayoli Xitoyga qarshi ko'rsatma berdi: «Soqchilar azoblanishidan huzurlanardi»

0

Millati o'zbek o'qituvchi Londondagi Uyg'urlar Tribunalida Xitoy hukumatining uyg'urlarga qilayotgan zulmi haqida ko'rsatma berdi.

Tribunal Xitoyning uyg'urlarga qarshi genotsid qilgan-qilmaganiga oydinlik kiritadi.

Uyg'urlar masalasida bunga o'xshash xalqaro mahkama tinglovining bo'lib o'tgani shu paytgacha ko'rilmagan.

Qalbinur Siddiq Urumchida kommunist partiya rahbarlari tomonidan uyg'ur ayol va erkaklar saqlangan ikki lagerda xitoy tilidan dars berishga jalb qilingan.

U bu lagerlarni «badbo'y» va «gavjum», deya ta'riflagan.

Qalbinur Siddiqning mahkamada ta'kidlashicha, ta'lim olayotganlar bir necha soatlik darslarda kishan taqqan holda o'tirishga majburlangan.

«Lagerdagi xitoy soqchilar tutqunlarni odam qatorida ko'rmaydi. Soqchilar hattoki temir eshiklardan kirish-chiqishda ularning qo'llariga itga o'xshab temir zanjir solishadi. Tutqunlarning itga o'xshab o'tirishi, azoblanishini ko'rib huzurlanishardi», deydi u.

Shuningdek, Qalbinur Siddiq uyg'ur ayollarining bichilishi odatiy holga aylangani, bir holatda ayol mahbus bichish amaliyoti vaqtida vafot etganini ham aytdi.

Siddiq xonim Niderlandiyadagi qizini ko'rib kelish uchun viza olishdan oldin o'zi ham majburan bichilganini bildirdi.

«Men o'z ko'zim bilan ko'rgan bu fojialarni, zulmlarni, bu azoblarni o'z tanamda his qilgan bu dahshatlarni bir kun ham unutganim yo'q. Chunki men ayol kishiman va bir qizim bor. Hech kim bunday xo'rlik ko'rmasin», deydi u.

Mahkama tinglovi

Londondagi Uyg'urlar Tribunali

Londondagi Uyg'urlar Tribunali

O'tgan hafta so'nggida Londonda qator mahkama tinglovlari boshlangan. Bir necha kunlik tinglov jarayonida 30 ga yaqin guvohning shohidligi tinglanishi ma'lum qilingan.

Mahkama asosida Xitoy hukumati Shinjonda sodir etayotgani aytiluvchi huquqbuzarlik hollarini «genotsid»ga tengmi yoki yo'qligi borasida bir qarorga kelinishi aytilgan.

Inson haqlarini saqlash guruhlari Xitoy Shinjondagi lagerlarida bir millionga yaqin uyg'ur va boshqa musulmon etnik ozchiliklarni tutib turganiga ishonishadi.

Shu vaqtgacha Londondagi mahkamada tinglangan guvohlar ko'rsatmasi Shinjondagi lagerlardan kelayotgan xabarlarga mos keladi va AQSh hukumati tomonidan uyg'urlarga nisbatan genotsid bo'lyapti, degan da'voni tasdiqlaydi.

Ammo Xitoy Tashqi ishlar vazirligi voizi London mahkamasi boshlanishi arafasida tinglovlarni noqonuniy, dedi.

«Bu uyg'ur maxsus mahkamasi, deya nom olgan narsa qonuniy ham emas, ishonchli ham emas. U shunchaki bir necha shaxs tarafidan Xitoyga qarshi uyushtirilgan tomosha», deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Vang Venbin.

G'arb davlatlarining hukumati va parlamentlari Xitoy uyg'urlarga nisbatan genotsid qilyapti va majburiy mehnatga jalb qilyapti, deb topganidan so'ng Xitoy paxtasi va boshqa mahsulotlariga baykot e'lon qilindi.

Xitoy hukumati ushbu ayblovlarni asossiz ekanligini ta'kidlaydi va maxsus uyushtirilgan safarlar hamda reportajlarda uyg'urlarning lagerlarda baxtli hayot kechirayotganini ko'rsatishga harakat qiladi.

Xitoy hukumati lagerlar Shinjon aholisining ta'limini yaxshilash, ekstermizmning oldini olish va daromadni ko'paytirish uchun qurilganini aytadi.

loading...