O'zbek filmlari tojik kanallarida!

0

Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga rasmiy tashrifi paytida tojik telekanallari va kinoteatrlarida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan «Ilxaq», «Xalq yuragi», «Abdurahmon Jomiy», «Yagona osmon ostida» filmlari namoyish etiladi. Bu haqda «Bugun.uz» Kinematografiya agentligi axborot xizmatiga tayanib xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, namoyishlar 9 iyundan Tojikistonning «Sinamo» telekanalidagi «Ilxaq» filmining taqdimoti bilan boshlab berilgan. Shuningdek, mamlakatning barcha yirik kinoteatrlarida ham tojik tilidagi o'zbek filmlari namoyishi boshlangan. Tojikistonda 19–22 may kunlari o'tkazilgan O'zbekiston kinosi kunlari davomida bir qator filmlari tojikistonlik tomoshabinlar uchun hafola qilingan edi. Shundan so'ng, o'zbek kinosining qo'shni davlatdagi ixlosmandlari tomonidan filmlarni tojikchaga dublyaj qilib, taqdim etish taklifi berilgan. Shu bois, Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga rasmiy tashrifi arafasida suratga olingan ushbu filmlarni qardosh xalq televidenie va kinoteatrlarida namoyish qilinishi taqdim etilgan.

Tojikistonda bo'lib o'tgan o'zbek kinosi kunlarida «Tojikfilm» davlat muassasasi raisi Mahmasaid Shohiyon bilan ikki tomonlama hamkorlik bo'yicha memorandum imzolangan. Memorandum bo'yicha rejissyor Jahongir Axmedovning «Ilhaq» badiiy filmi, Shoxrux Rasulovning «Xalq yuragi», Javohir Qosimovning «Abdurahmon Jomiy», Jasur Ishoqovning «Yagona osmon ostida» hujjatli filmlari tojik tiliga tarjima qilinib, «Hujjatli va xronikal filmlar studiyasi» DUK, «Spectre» hamda «Ezgu film» studiyalari tomonidan dublyaj qilingan.

«Bizga tuhfa sifatida yuborilgan o'zbek xalqining yuksak saviyadagi filmlarini kinoteatrlarimiz va televidenielarimiz orqali albatta namoyish etamiz. Ishonamanki, ushbu filmlar ikki xalq o'rtasidagi do'stona munosabatlarni mustahkamlashga, madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi», — deydi «Tojikfilm» Davlat muassasasi bosh direktori Mahmasaid Shohiyon.

loading...