ZO'RAVON YIGITLARNING TUNGI «SARGUZAShTI»

0

2020 yil 23 sentyabr. Soat taxminan 20: 00larda uch o'rtoq — Sarvarjon Azimjonovich Murodqulov, Inomjon Turdibekovich Qo'ziboyev hamda Abrorjon Komiljonovich Shodiqulov (maqoladagi ism-familiyalar shartli ravishda o'zgartirilgan) poytaxtning Uchtepa tumanida joylashgan qahvaxonalardan birida kayfu safo qilib o'tirishibdi. Stol ustida turli-tuman yeguliklar-u ichkiliklar bisyor. Uch o'rtoqning biri olib, biri qo'yganicha qilgan ishlarini aytib maqtanmoqda. Go'yo qahvaxonada ulardan boshqa mijozlar yo'qdek ovozlarini biroz pasaytirishni ham o'ylab ko'rishmaydi. Sal nariroqda turgan xizmatchi qiz bo'lsa, borgan sari kayfi oshib, og'zidan bodi kirib, shodi chiqayotgan uch yigitdan ko'zini olmaydi. Chunki bunaqalar ko'zingni shamg'alat qilib, yegan-ichganining pulini nasiya qilib, quyonning rasmini ham chizib ketishlari mumkin.

Bir mahal aroq hamda pivoni aralashtirib ichganidan yuzi qizarib, boshi allaqachon aylana boshlagan Sarvarjon ko'zlarini alang-jalang qilib, atrofga alangladi.

— Ha, o'rtoq, kimnidir yo'qotib qo'ydingmi, birdan bezovtalanib qolding? — deb so'radi uning bu xatti-harakatini o'zicha tushungan Inomjon o'tirgan joyidan bir qo'zg'alib olib, ko'z osti bilan Sarvarjonga tikilarkan.

— E-e, bizga xizmat qilayotgan qiz bor edi-ku, o'shani topolmayapman, — deya ulfatining savoliga javob qaytardi Sarvarjon tag'in butun zal bo'ylab ko'z yugurtirarkan.

— O'rtoq, senga nima bo'ldi, bizga qarayotgan qiz boyadan beri yonimizdan ketmasdan sal narida turibdi-ku?! Ana, qizil fartuk taqib olgan, — deya tirjaydi Inomjon xizmatchi qizni qo'li bilan ko'rsatarkan.

— Ha, bo'ldi, ko'rdim! — dedi xuddi yo'qotgan narsasini topgandek xursand bo'lib ketgan Sarvarjon va o'rnidan turib, baland ovozda xizmatchi qizni yoniga chorlay boshladi. — Singlim, hoy, singlim, bu yoqqa bir qaravoring!

Ofitsiant qiz chaqqon yurib Sarvarjoning oldiga keldi:

— Yaxshi o'tiribsizlarmi? Kamchilik yo'qmi? Biror narsa olib kelaymi yoki hisob-kitob qilasizmi?

— Hisob-kitobni hali qo'yib turing-da, avval bizlarga bitta-bittadan muzdek, ko'piklari oqib turgan pivongizdan olib keling, maylimi? Qolganini keyin yana ko'raveramiz, — dedi qizga qarab ko'zlari mastona suzilib qolgan Sarvarjon.

— Bo'ldi, nima desangiz shu, men sizlarga «ketinglar», deganim yo'q-ku! — deya qo'lini ko'ksiga qo'yganicha jilmaydi xizmatchi qiz va mijozning buyurtmasini yondaftarchasiga yozib qo'ydi-da, ortiga qaytdi.

Oradan yana yarim soatcha vaqt o'tdi. Bu orada Sarvarjoning ikki sherigi ham bir bokaldan pivo buyurishdi. Keyin navbat yana Sarvarjonga keldi. Qisqasi, soat 22dan oshguncha ofitsiant qiz uch ulfatga muzdek pivo tashishdan charchasa charchadiki, yigitlar ichkilik ichishdan charchashmadi. Xizmatchi qiz bilan hisob-kitobni qilib, kayfi tarang holda bir-birini qo'ltiqlagudek bo'lib ko'chaga chiqqan uchovlon zo'rg'a oyoqlarida turishar edi.

— Menda bitta taklif bor, — deb qoldi Sarvarjon ulfatlariga qarab qahvaxonadan biroz uzoqlashganlaridan so'ng. — Hozir to'g'ri Chilonzor savdo markaziga boramiz, nima dedinglar?

— Sen nima desang shu, o'rtoq, savdo markaziga boramiz, desang, savdo markaziga boramiz, qabristonga borib, go'rdan suyak olib chiqamiz, desang, go'rdan suyak olib chiqamiz! — deya uning so'zlarini ma'qulladi Inomjon va yonida jimgina ketayotgan Abrorjonni turtkilab qo'ydi.

Uning bu turtkilashini o'zicha tushungan Abrorjon ham taklifga e'tiroz bildirmadi.

— Yo'q, men bekorga u yoqqa boramiz demadim, mening bittasida tishim bor, hozir borib, o'sha bolani topib, razbor qilishim kerak! Tushundinglarmi?! — deya sheriklariga qarab ovozini bir parda ko'tardi Sarvarjon.

Bu gaplarni eshitib hali ichgan ichkilining ta'siri ketmagan Inomjon tag'in sherlandi:

— Bo'ldi, oshna, razbor qilish kerak bo'lsa razbor qilamiz, urib-do'pposlash kerak bo'lsa, urib-do'pposlaymiz, tishini sindirish kerak bo'lsa, tishini sindiramiz!

Xullas, uch o'rtoq to Chilonzor tumani S mavzesida joylashgan nonvoyxonaga yetgunlaricha gapni bir yerga qo'yib, o'zaro kelishib olishdi. Ularning niyati nonvoyxonada ishlaydigan Shahboz ismli yigitning tanobini tortib, uni «tarbiyalab» qo'yish edi. Shu maqsadda uchovlon to'g'ri borib, nonvoyxona yotoqxonasining eshigini taqillatishdi. Ichkaridan «Kim u? Nima kerak?» degan uyqusiragan ovoz eshitildi.

— Eshikni och! — deya buyruq berdi Sarvarjon va yog'och eshikni kuchining boricha ura boshladi.

Oradan ko'p vaqt o'tmasdan eshik ochilib, nonvoyxonada ishlaydigan Zoirjonning boshi ko'rindi.

— Kelinglar, akalar, nima xizmat? — deb so'radi bu tungi tashrifning sababini bilolmasdan hayronligi ortgan nonvoy yigit.

— Bizga Shahboz kerak! Uni chaqirib yubor! — deya Zoirjonga o'qrayib qaradi Sarvarjon.

— Shahboz kassa qilgani ko'chaga chiqib ketgan edi. O'zi nima gap, akalar, tinchlikmi? Agar unga biron nima deb qo'yish kerak bo'lsa, menga aytinglar, o'zim yetkazib qo'yaman, — dedi uyquli ko'zlarini ishqalarkan Zoirjon.

— Bizga Shahbozning o'zi kerak, gaplashib olishimiz lozim, uni bizga topib ber! — dedi oyog'ida chayqalib turgan Inomjon ham gapga qo'shilib.

— Aytdim-ku, sizlarga, Shahboz ko'chaga chiqib ketgan, qaerda ekanligini bilmayman, kassani qilsa, o'zi qaytib keladi.

— Ko'chaga chiqib ketgan bo'lsa, qo'lida telefoni bordir! Telefon raqamini ber, o'zimiz uni topib olamiz! — deya ovozini hiyla balandlatdi Sarvarjon.

— Xafa bo'lmanglar, akalar, men sizlarga uning raqamini berolmayman, — dedi Zoirjon. Uning so'z ohangidan jahli chiqa boshlagani sezilib turardi. — Umuman, Shahbozda nima ishlaring bo'lsa, ertaga kelinglar, hozir picha kayflaringiz ham borga o'xshaydi.

— Ie, sen bola, bizga aql o'rgatyapsanmi?! — deya nonvoy yigitga qarab xezlandi shu payt Inomjon. — Sen qachondan beri Toshkentning nonini yeb, o'zingdan kattalarga karillaydigshan bo'lib qolding?!

Zoirjon bu savollarga javob berishga ulgurmadi. Inomjon kutilmaganda uning yuziga musht tushirib qoldi. Sheriklari ham qarab turishmadi. Yuz-ko'zi aralash ketma-ket tushayotgan zarbalarga bazo'r chap bergan Zoirjon bir amallab yotoqxonaga qochib kirdi. Ammo eshikni qulflashga ulgurmadi. Zo'ravonlar ham uning ortidan yotoqxonaga kirishdi.

— «Buzoqning yugurgani somonxonagacha», degan maqolni eshitganmisan? — deya tahdidli ovozda so'zladi ko'zlariga qon to'lib, nima qilayotganini bilmayotgan Sarvarjon. — Mana, sening ham qochib kirgan joying shu yer bo'ldi! Endi mendan ta'ziringni yeysan!

Zoirjon uning bu so'zlariga javob qaytarmadi. Chunki ushbu vaziyatga mast yigitga bir og'iz gap ham ortiqchalik qilishi mumkin edi. Biroq nonvoyning indamay turganini qo'rqoqlikka yo'ygan Sarvarjon muzlatkich ustida turgan oshxona pichog'ini ko'rib qoldi-yu, shartta tig' tomonga qo'l uzatdi.

— O'rtoq, pichoqni joyiga qo'y yoki menga ber, tig' bilan hazillashib bo'lmaydi! — dedi uning sovuq qurolni qo'liga olib, pichoqni Zoirjonga qarab o'qtalayotganini ko'rgan Inomjon.

— Jinnilik qilma, oshna, pichoqsiz ham bu yaramasning ta'zirini berib qo'yish qo'limizdan keladi! — deya uning so'zlarini ma'qulladi Abrorjon va Sarvarjonni yelkasidan ushlab oldi.

Shu payt kimdir pichoqni ko'rib, dami ichiga tushib ketgan Zoirjonni tepib yubordi. Nonvoy ihraganicha yerga cho'kkalab qoldi. Sarvarjon bo'lsa qo'lidagi pichoq bilan Z. Fozilovning o'ng oyog'i son qismiga bir marotaba zarba berdi. Og'riqning zo'ridan Zoirjon dodlay boshladi. Shundan so'nggina uch zo'ravon yotoqxonani tark etishdi. Jabrdiyda yigit esa bo'lib o'tgan voqea bo'yicha huquq-tartibot xodimlariga xabar berdi…

Sud-tibbiy ekspertizasining tegishli xulosasiga ko'ra, Zoirjon Fozilovda «O'ng son sohasidagi yara o'tkir sanchuvchi-kesuvchi jism ta'sirida, bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, burun sohasi yumshoq to'qimalari lat yeyishi, chap ko'z yuqori va pastki qovoqlari, ko'krak qafasi orqa yuzasi qontalashlari, pastki lab chap tomon lat yegan yarasi» kabi jarohatlar qattiq o'tmas jismlar ta'sirida yetkazilganligi va og'irlik darajasiga ko'ra, sog'liqning olti kundan ko'p, ammo 21 kundan ortiq bo'lmagan muddatga buzilishiga olib kelgan «ENGIL» tan jarohati turkumiga kirishi aniqlangan.

Sud hukmiga ko'ra, Sarvarjon Azimjonovich Murodqulov, Inomjon Turdibekovich Qo'ziboyev hamda Abrorjon Komiljonovich Shodiqulovlarga 2 (ikki) yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Hukm qonuniy kuchga kirganidan so'ng ularning zimmasiga:

— sutkaning muayyan vaqti, ya'ni kech soat 22: 00 dan ertalabki soat 06: 00 ga qadar yashash joyidan chiqmaslik;

— nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyi, ish va (yoki) o'qish joyini o'zgartirmaslik;

— jinoyatga moyilligi bo'lgan shaxslar bilan aloqa o'rnatmaslik;

— giyohvandlik vositalari va alkogol mahsulotlarini iste'mol qilmaslik kabi taqiqlar (cheklashlar) yuklatildi.

Biz mazkur jinoyat ishi tafsilotlarini bekorga batafsil keltirib o'tmadik. Niyatimiz, hech bir yurtdoshimiz yuqoridagi uchovlon kabi to'g'ri yo'ldan adashib, o'zgalarning tinchini buzib yurmasin. Zero tinchlik-osoyishtalik, totuvlik bo'lgan joydan qut-baraka arimaydi.

Xusan PARPIYEV, jinoyat ishlari bo'yicha
Yakkasaroy tuman sudi sudyasi

Sunnatullo ABDIMUROD o'g'li, jurnalist