Jasur Umirov uylangan

0

Voyaga yetmagan qizni zo'rlagani uchun xonanda Jasur Umirov jinoyat ishlari bo'yicha Kattaqo'rg'on shahar sudining 2021 yil 2 fevraldagi hukmiga ko'ra Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.

Oradan 4 oy o'tib, 2021 yil 8 iyun kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'atining yopiq sud majlisida mazkur jinoyat ishi bo'yicha jabrlanuvchi va sudlangan Jasur Umirovning advokati tomonidan kassatsiya tartibida bergan shikoyatlari asosida ushbu jinoyat ishi ko'rib chiqilib “ozodlikdan mahrum qilish” jazosi “ozodlikdan cheklash” jazosiga o'zgartirildi va 10 iyun kuni xonanda Jasur Umirov qamoqdan chiqib, oila-a'zolari bag'riga qaytdi.

“Zamon.uz” muxbiri xonandaning yaqinlari bilan bog'lanib, uning ayni paytdagi ahvoli haqida qiziqdi. Xonandaga yaqin kishilardan birining aytishicha, ayni paytda Jasur Umirovning ahvoli qoniqarli, u o'zini yaxshi his etmoqda.

Eng muhimi – Jasur Umirov Shahzoda Mo'minovaga uylangan. Ularning to'yi bo'lib o'tgan, ayni paytda xonanda Shahzoda Mo'minova bilan birga yashamoqda. To'y Jasur Umirov jazo muddatini o'tayotgan paytda bo'lgan. Shahzoda Mo'minova to'y liboslarini kiyib, kelinsalom qilgan.

Eslatib o'tamiz: ijtimoiy tarmoqlarda Furqat Ro'ziyev, ya'ni qizning otasi Jasur Umirov qiziga uylanishini, aybini yuvishini, baxtli qilishini aytganini bildirgan hamda tergov jarayonida fotiha to'yi bo'lganini ma'lum qilgan.

loading...