Tramp Baydendan Putin bilan uchrashuvda uxlab qolmaslikni so'radi

0

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp amaldagi prezident Jo Baydenga Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda uxlab qolmaslikni tiladi. Bu haqda New York Post xabar berdi.

«Baydenga Putin bilan muzokaralarida omad tilayman. Uchrashuvda uxlab qolmang», — deya Trampning so'zlarini keltiradi nashr.

Sobiq prezident, shuningdek, Baydendan Rossiya prezidentiga «eng yaxshi tilaklarni» yetkazishni so'radi. Saylovoldi tashviqoti paytida Tramp bir necha bor Baydenni «uyquchi Jo» deb atagan, shuningdek, uning ruhiy tanazzul holatida ekanini ta'kidlagan.

Jo Bayden va Vladimir Putinning yuzma-yuz uchrashuvi 16 iyun kuni Jenevadagi La Grange villasida bo'lib o'tadi.

CNN xabariga ko'ra, AQSh prezidenti mazkur uchrashuvda mamlakatlar o'rtasidagi diplomatik munosabatlarni normallashtirish masalasini muhokama qilishni rejalashtirmoqda.

Bayden «rahbarlar Vashington va Moskvadagi elchilarni qaytarish borasida kelisha olishiga umid qilib», diplomatik munosabatlar mavzusini ko'taradi, deb yozadi CNN. Telekanalning ta'kidlashicha, «elchilarning qaytishi Bayden ma'muriyati sammitdan kutayotgan yagona natijaga o'xshaydi».

Moskva bilan barqaror va oldindan aytib bo'ladigan munosabatlarni o'rnatishga intilayotgani sababli Bayden ma'muriyati elchilarning qaytishini ikki mamlakat o'rtasida ochiq ishchi muloqotni davom ettirish uchun zarur qadam sifatida ko'radi, deb yozadi CNN AQSh rasmiylariga tayanib.

Shu bilan birga, telekanal suhbatdoshlari «Rossiyadagi amerikalik diplomatlarning umumiy soni yaqin tarixdagi eng kam miqdorda ekanini hisobga olib», mavjud vaziyatni to'g'rilash uchun ko'proq mehnat qilish zarurligini tan olgan.

Davlat departamenti vakili Ned Prays 10 iyundagi brifingda AQShning Rossiyadagi elchisi Jon Sallivan Bayden–Putin uchrashuviga tayyorgarlik ko'rishda qatnashganini aytdi.

«Biz uning Moskvaga yaqin haftalarda qaytishiga umid qilmoqdamiz», — dedi Prays. Avvalroq AQSh elchixonasi vakili Jeyson Rebxolz sammitda Sallivan ham qatnashishini aytgandi.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya elchisi Anatoliy Antonovning Vashingtonga qaytishi istiqbollari haqidagi savolga javob berar ekan, bu borada ikki davlat rahbarlarining uchrashuvini kutishga chaqirdi: «Biz sammitni kutyapmiz». Oldinroq, ushbu ehtimolni baholagan holda, Peskov elchi qaytishi ham, qaytmasligi ham mumkinligini aytgandi.

rbc.ru

loading...