Buxoro aeroportida «Tramadol»ni yashirincha olib kelgan qo'shni davlatlik fuqaro qo'lga olindi

0

Buxoro aeroportida «Tramadol»ni yashirib, olib kelgan tojikistonlik fuqaro ushlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning hamkorlikdagi tezkor tadbiri davomida Buxoro aeroporti chegara bojxona postiga Dushanbe–Buxoro yo'nalishidagi aviareys bilan O'zbekiston hududiga kirib kelgan tojikistonlik fuqaro bojxona nazoratidan o'tkazilgan. Tekshiruv davomida unga tegishli bo'lgan qora rangli sumkada turli xildagi dori vositalari topilgan.

Xususan, sakkizta konvalyutada jami 80 dona, «Antikamen» dori qutining flakoni ichida ko'k va oq rangli «Tramadol» giyohvandlik vositasiga o'xshash 71 dona, oq va qizil rangli kapsula ko'rinishdagi 98 dona, yashil rangli kapsula ko'rinishdagi 6 dona, oq va jigar rangli kapsula ko'rinishdagi ikki dona, «Somnol Zopiklon 7,5 mg» yozuvli yetti dona tabletka, bir dona «Active» yozuvli, bir dona «Mekol» yozuvli, bir dona «Tridoks» yozuvli maz ko'rinishidagi siqma plafonlar borligi aniqlangan.

Shuningdek, qo'l sumkasi ichidan to'rt dona «Tramadol» psixotrop tabletkasi, arab alifbosidagi yozuvlari bo'lgan broshyura, paypoqlari orasidan uch dona polietilen bo'lagiga o'ralgan, qoramtir rangli, yumshoq-smolasimon, giyohvandlik vositasiga o'xshash modda, xotirasida O'zbekiston hududiga olib kirilishi taqiqlangan diniy mazmundagi audio va videolavhalar bor bo'lgan «Galaxy A50» qo'l telefoni aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (Kontarabanda) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

bviib.uz

loading...