Metro bilan bog'liq yana bir muammo

0

«O'zbekiston temir yo'llari» AJ ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkent metropolitenining «Kosmonavtlar» bekatida poezddan yo'lovchilar tushirib yuborilgani tasvirlangan video yuzasidan ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, 11 iyun kuni soat 11:50 da 38-yo'nalishda harakatlanayotgan poezdning 3-vagonida shubhali narsa qoldirib ketilgan va bu haqda poezd mashinistiga xabar berilgan. Ichki ishlar vazirligi va Toshkent metropoliteni o'rtasidagi o'zaro kelishilgan yo'riqnomaga ko'ra, yo'lovchilar xavfsizligini ta'minlash maqsadida ular «Kosmonavtlar» bekatida poezddan tushirilgan.

Qoldirib ketilgan qarovsiz buyumni tekshirish uchun poezd yo'lovchilarsiz elektrodepoda joylashgan maxsus tekshirish punktiga yuborilgan. Barcha yo'nalishlarda poezdlar jadval asosida harakatlanishni davom etgan.

«Shu sababli, hurmatli hamshaharlar, bu kabi videolavhalarni tasvirga olib, noto'g'ri izohlar bilan ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirishdan avval metropoliten xodimlaridan so'rab, aniqlik kiritib olishingiz tavsiya etiladi», — deyiladi munosabatda.

Shu bilan birga, yo'lovchilarni tashish bilan bog'liq faoliyat yurituvchi metropoliten korxonasini bila turib ijtimoiy tarmoqlar orqali obro'sizlantirish maqsadida asoslanmagan yolg'on xabarlar, foto va videolavhalar, uydirmalarni tarqatish, shuningdek, nashr qilish yoki boshqa usulda ko'paytirilgan tarzda telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog'ida joylashtirish orqali hamda g'arazgo'ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish bilan bog'liq qonunbuzarlikni qasddan sodir qilgan shaxslar qonunchilikda belgilangan javobgarlikka tortilishi eslatib o'tilgan.

So'nggi vaqtlarda Toshkent metropoliteni bilan bog'liq shu kabi voqealar tez-tez yuz bermoqda. Xususan, 13 may kuni «Amir Temur xiyoboni» bekatida barcha yo'lovchilar tushirib yuborilgandi. 7 may kuni soat 21:10 dan 22:00 gacha Toshkent metropoliteni Halqa yo'lining 7-bekatida elektr energiyasi o'chib qolgandi.

9 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda poezdning ochiq eshiklar bilan harakati tushirilgan video tarqaldi. Shu bilan birga, metropolitendagi yerosti va yerusti poezd harakatlarining bir nechta boshqa videolari ham ijtimoiy tarmoqlarda ko'p bora muhokama qilindi. 28 aprel kuni esa tunnelda to'xtab qolgan poezd haqidagi video tarqaldi, unda yo'lovchilar relslar orqali harakatlanib, bekatga yetib olgani tasvirlangan.

18 mart kuni esa «Olmazor» (Chilonzor yo'li) va «Bekat-1» (Sergeli yo'li) orasidagi tunnelda ikki poezd to'qnashgandi.

loading...