Qo'qon shahrida ilk marotaba Turkiy Kengash Turizm vazirlarining VI yig'ilishi o'tkaziladi

0

23-24-iyun kunlari Qo'qon shahrida Turkiy kengash turizm masalalari vazirlarining VI yig'ilishi va Turizm bo'yicha ishchi guruhning XV yig'ilishi bo'lib o'tadi, deya xabar bermoqda Turizm va sport vazirligi Matbuot xizmati.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019- va 2020-yillarda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitlari doirasida ilgari surilgan tashabbuslarini amalga oshirish hamda tashkilot doirasida turizm sohadagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Xiva, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlari Turkiy kengash doirasida amalga oshirilayotgan “Modern silk road” qo'shma turizm marshruti loyihasiga kiritilishi ta'minlandi.

Bugunga qadar mazkur tadbirda Turkiy kengash Bosh kotibi Bag'dat Amreev, Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy, Qozog'iston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vaziri Aktoti Raimkulova, Qirg'iziston Respublikasi Bosh vazir o'rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Akilbek Japarov, Ozarboyjon Respublikasi davlat turizm agentligi raisi Fuad Nagiyev o'z ishtirokini tasdiqlagan.

Yig'ilishda Kengashga a'zo davlatlarda turizm sohasining pandemiyadan keyingi tiklanishi, “Tabarruk ziyorat” loyihasini amalga oshirish hamda a'zo davlatlarning yirik shaharlari o'rtasida xalqaro aviareyslarni tiklash kabi muhim masalalar muhokama qilinadi.

Shu bilan birga, xorijiy ishtirokchilar turizm sohasidagi istiqbolli loyihalar, ziyorat turizm imkoniyatlari, Farg'ona viloyatining hunarmandchilik, ekoturizm va gastronomik salohiyati bilan tanishtiriladi.

Ta'kidlash lozimki, Qo'qon shahrida o'tkazilishi rejalashtirilgan yig'ilish O'zbekiston Respublikasining Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a'zo bo'lganidan keyingi vazirlar darajasidagi birinchi tadbir hisoblanadi.

uzbektourism.uz

loading...