Toshkent viloyatida ta'lim sifati yuqori bo'lmagan maktablardagi pedagoglar attestatsiyadan o'tkaziladi

0

Toshkent viloyatidagi ta'lim sifati yuqori bo'lmagan maktablarda faoliyat olib borayotgan toifaga ega bo'lmagan pedagoglar attestatsiyadan o'tkaziladi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, XTV hamda Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining 3 iyundagi qo'shma qarori bilan, Toshkent viloyatidagi ta'lim sifati yuqori bo'lmagan davlat umumta'lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan toifaga ega bo'lmagan oliy va o'rta maxsus ma'lumotli pedagog xodimlarni attestatsiyadan o'tkazish Nizomi va baholash mezonlari tasdiqlandi.

Toshkent viloyatida jami 891ta maktabdan 174tasi (19,5 foiz) ta'lim sifati yuqori bo'lmagan maktablar toifasiga kiradi. Shuningdek, viloyatda jami o'qituvchilar sonida o'rta maxsus ma'lumotli o'qituvchilar ulushi 14,9 foizni  tashkil qilsa, respublika kesimida ushbu ko'rsatkich 12,9 foiz tashkil qiladi. Toifaga ega bo'lmagan oliy ma'lumotli o'qituvchilar esa 44,7 foizni tashkil qilgan.

Nizomga asosan, attestatsiya ikki bosqichda amalga oshiriladi:

birinchi bosqichda:

  • attestatsiyadan o'tuvchilarning nazariy bilimlari o'z mutaxassisliklari bo'yicha 40ta savoldan iborat malaka (test) sinovlari orqali aniqlanadi, har bir to'g'ri bajarilgan test savoli uchun 1,75 ball (maksimal 70 ball) beriladi, test savollari Xalq ta'limi vazirligi va Ta'lim inspeksiyasining mutaxassislari hamda ular shartnoma asosida jalb etgan ekspertlar tomonidan tuziladi.

Birinchi bosqichda umumiy balning 55 foizi (38,5 ball) va undan yuqori ballni to'plaganlar attestatsiyaning ikkinchi bosqichiga o'tgan hisoblanadi, umumiy balning 55 foizini (38,5 ball) to'play olmaganlar “attestatsiyadan o'tmagan” hisoblanadi va ikkinchi bosqichga ruxsat etilmaydi;

ikkinchi bosqichda: 

  • attestatsiya komissiyalari tomonidan ta'lim tizimidagi islohotlar, pedagog xodimlarning faoliyati samaradorligi, kasbiy kompetentlik bo'yicha 5ta savoldan iborat savollarga javob berishlari kerak bo'ladi;
  • ikkinchi bosqich uchun har bir savolga 6 balldan umumiy 30 ball beriladi, umumiy ballning 55 foizi (16,5 ball) va undan yuqori ball to'plaganlar attestatsiyaning ikkinchi bosqichdan o'tgan hisoblanadi.

Savollar Respublika ta'lim markazining mutaxassislari hamda ular shartnoma asosida jalb etgan ekspertlar tomonidan tuziladi. Savollar bileti attestatsiyadan o'tuvchi tomonidan ko'p variantlilik asosida tuzilgan biletlar orasidan tanlab olish yo'li bilan aniqlanadi.

kun.uz

loading...