Evropadagi eng katta qochqinlar lageriga o't qo'ygan 4 afg'on 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi

0

Gretsiya sudi Lesbos orolida joylashgan, Yevropadagi eng katta qochqinlar lageri Moriada yong'in uyushtirgan 4 kishining har biriga 10 yillik qamoq jazosi berdi.

 

Yong'inni 2020 yil sentyabrda lagerda yashagan 6 nafar afg'onistonlik u yerdagi karantin choralariga norozilik sifatida uyushtirgandi. Lager butkul yo'q bo'lgan va bir kecha ichida unda yashagan 12 mingdan ortiq qochqin boshpanasiz qolgan. Yong'in vaqtida lagerda tartibsizliklar yuz bergan va muhojirlar o't o'chiruvchilarga yong'inni bartaraf etishda to'sqinlik qilishgan.

Avvalroq, 2021 yil martida yong'inni uyushtirishda ishtirok etgan 2 nafar balog'atga yetmagan o'smirga hukm chiqarilgan va ular 5 yillik qamoq jazosi olishgan.

Gretsiya hukumati o'z hududidagi qochqinlar lagerlari haddan ziyod to'lib-toshgani sababli bir necha marta tanqid qilingan. Jumladan, Moria 3 minggacha qochqinni qabul qilishga mo'ljallangan bo'lgan. O'z navbatida, Afina tobora ko'proq kelayotgan qochqinlarni saqlash uchun mablag'larga ega emasligini aytgan va Yevropa Ittifoqi bo'yicha hamkorlaridan ko'mak ko'rsatishni talab qilgan. Yong'indan keyin lagerda yashagan ko'plab qochqinlar Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlaridan boshpana olgan.

2021 yilda Gretsiya orollarida saqlanayotgan qochqinlar bilan bog'liq vaziyat ancha yaxshilangan. U yerdagi muhojirlar soni aprelda 9600gacha qisqargan, vaholanki bir yil avval ular soni 40 minggacha yetgan. Ularning soni sezilarli kamayishiga pandemiya vaqtida Turkiya orqali amalga oshiriluvchi noqonuniy migratsiya oqimi kamaygani, grek chegarachilarining muhojirlarni qo'ymaslik bo'yicha qat'iy harakatlari hamda qochqinlarning bir qismi Gretsiyaning qit'adagi qismida taqsimlangani sabab bo'lgan.

kun.uz

loading...