Eshaklar bayrami…

0

Bir qishloqning keksa ayilchisi (eshakning «egari»ni yasovchi usta) omonatini Haqqa topshirdi. Bundan quvongan eshaklar qishloq maydoniga to'planib, bayram boshladilar. Eshaklarning biri bu holga uzoqdan hayron qarab turgan qari bir eshakni ko'rib qolib, uning oldiga bordi va:
– Sizning hech narsadan xabaringiz yo'q shekilli. Ayilchi usta o'ldi, – dedi. Yoshi katta eshak pinagini ham buzmadi.

– O'lgan bo'lsa nima bo'pti! Shunga bayram qilish kerakmi? – dedi.
– Ie, nega bayram qilmaylik? – dedi yosh eshak hayratlanib. – Endi sirtimizga egar uradigan yo'q. Bundan buyon yelkamiz yag'ir bo'lmaydi. Ozodmiz endi!
– Tavba-tavba! Ozod emishlar! – kinoya bilan kuldi qari eshak. Keyin boshini mahzunlik bilan sarak-sarak qilib, dedi:
– Hech esingiz kirmas ekan-da! O'lgan usta harqalay har birimizning o'lchovimizni bilardi, bizga sirtimizni yara-chaqa qilmaydigan, o'zimizga mos ayillar yasab berardi. Erta-indin uning o'rniga boshqa bir egar-jabduqchining kelishi aniq. U to bizning o'lchovlarimizni to'g'ri olishni o'rganmagunigacha sirtimiz yara-chaqa bo'lib, adabimizni yeymiz. Aqlingiz bo'lsa, egarchidan emas, eshaklikdan qutulmoq yo'lini axtaring. Toki eshakligingizcha qolar ekansiz, sizni egarlaydiganlar albatta topiladi…

 

loading...