​Xorazmlik 33 yoshli ayol o'z turmush o'rtog'iga buyragini berdi

0

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining malakali mutaxassislari tomonidan markazning viloyat filialida xorazmlik shifokorlar bilan birgalikda buyrak transplantatsiyasi amaliyotini muvaffaqiyatli o'tkazishdi.

— Markazimiz tomonidan qisqa vaqt ichida 137 marta o'tkazilayotgan bunday noyob amaliyot ilk bor viloyatda bajarilishi tarixiy ahamiyatga ega, — deydi markaz bosh direktori Davron Tulyaganov. Maqsadimiz chekka hududlar aholisini ortiqcha ovoragarchiliklarsiz yashash joyini o'zida malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdir.Ochig'i, oldinlari viloyatlarda ham odam a'zolarini ko'chirib o'tkazishdek murakkab jarrohlik amaliyotlari o'tkaziladi, deyilsa ishonish qiyin edi. Bugun ana shu ko'p yillik orzu haqiqatga aylandi.

Tibbiyot fanlari doktori Farhod Xadjibayev rahbarlik qilgan amaliyot jarayonlari qariyib besh soat davom etdi. Bog'ot tumanilik 33 yashar Yulduz Ro'zmetova o'z turmush o'rtog'i 36 yashar Mardon Polvonovga bir buyragini berdi. Hozirda ularning ahvoli yaxshi.

— Turmush o'rtog'im bir yildan buyon gemodializ muolajasi olib keladi. Tumanimiz viloyat markaziga uzoqligi bizga ancha noqulaylik tug'dirardi. Hatto xorijga borib davolatishga ham rozi edik. Dunyoda falon pul turadigan amaliyot viloyatimizning o'zida bepul amalga oshirilganidan xursandmiz, — deydi Yulduz.— Nasib qilsa, ikki farzandimizni ham ziyoli, el-yurt koriga yaraydigan insonlar qilib tarbiyalaymiz. Orzuim o'z turmush o'rtog'im va farzandlarim bilan baxtli yashashdir.

Shu kunlarda mazkur filialda ikkinchi noyob amaliyotga tayyorgarlik ko'rilmoqda.

Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.

loading...