Senat O'rta Chirchiqdagi avtomobil yo'lida o'rnatilgan beton to'siqlar bo'yicha izoh berdi

0

Avvalroq internetda e'lon qilingan “O'rta Chirchiqdagi mantiqsiz yo'l kesishmasi” deya e'tirof etilgan holat Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi tomonidan nazoratga olingani bo'yicha xabar berilgan edi.

Xabarda  Toshkent viloyati O'rta Chirchiq tumanidagi “Qumovul” QFY hududida mantiqsiz hamda nihoyatda xavfli yo'l kesishmasi borligi va bu tumanning Furqat ko'chasi aholisiga va shu yerdan harakatlanib o'tadigan barcha transport vositasi haydovchilariga noqulaylik tug'dirayotgani aytilgan.

Mazkur holat Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi murojaatiga muvofiq Ichki ishlar vazirligi va Avtomobil yo'llari qo'mitasi mas'ul xodimlari tomonidan o'rganib chiqildi. O'rganish natijalariga ko'ra, “Bektemir-Chirchiq-Chorbog'” avtomobil yo'lining “Qumovul” QFY hududidan o'tgan qismiga o'rnatilgan beton to'siqlar yo'l transport xodisalarini oldini olish uchun o'rnatilgan.

Chunki 2016 yilda ushbu joyda “Bektemir-Iyk ota” yo'nalishida harakatlanayotgan transport vositalari yo'l harakati qoidalarini buzib qarama-qarshi yo'nalishda harakatlanganliklari uchun bir necha bor yo'l-transport xodisalari sodir bo'lgan.

Bu kabi yo'l-transport xodisalarini oldini olish maqsadida ushbu hududda uzunligi 50 metrlik BDO-5 beton to'siqlari o'rnatilib, yo'lning kengligi toraytirilgan. Natijada esa “Bektemir-Iyk ota” yo'nalishida harakatlanuvchi avtomobil haydovchilarining qoidani buzib, qarama-qarshi yo'nalishda harakatlanishining oldi olingan.

Shuningdek, mahalla fuqarolari o'z uylari tomonidan qayrilib olishlari uchun beton to'siqdan joy ochib berishni so'rab qilgan murojaati IIV xodimlari tomonidan mahalla faollari, “Yangi xayot” MFY raisi, viloyat Avtomobil yo'llari hududiy bosh boshqarmasi hamda viloyat IIBB YHXB mas'ul xodimlari bilan birgalikda joyiga chiqib o'rganildi.

Holat bo'yicha fuqarolar so'ragan joydan beton to'siqlarni olinishi turli yo'l-trasport xodisalari yuz berishiga sabab bo'lishi mumkin ekanligi, fuqarolar harakat xavfsizligi talablariga javob beradigan qayrilish joyi esa mahalladan uzoq emasligi, ya'ni 600 metr masofada joylashgani tushuntirildi.

Bundan tashqari, mahalla raisi va fuqarolar murojaatiga muvofiq ushbu ko'chaga 3.24 “Yuqori tezlik cheklangan”  va 5.16.1 “Piyodalar o'tish joyi” yo'l belgilari ham o'rnatilib, yo'l chiziqlari qayta chizib berilgan.

senat.uz

loading...