Xorazmlik ayol bir buyragini turmush o'rtog'iga berdi

0

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Xorazm viloyati filialida buyrak transplantatsiyasi jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o'tkazildi.

Tibbiyot fanlari doktori Farhod Hojiboyev rahbarlik qilgan amaliyot jarayonlari qariyib besh soat davom etdi. Bog'ot tumanilik 33 yashar Yulduz Ro'zmetova o'z turmush o'rtog'i 36 yashar Mardon Polvonovga bir buyragini berdi. Hozirda ularning ahvoli yaxshi.

Markaz bosh direktori Davron To'laganovning so'zlariga ko'ra, markaz tomonidan qisqa vaqt ichida 137 marta o'tkazilayotgan bunday noyob amaliyot ilk bor viloyatda bajarilishi tarixiy ahamiyatga ega.

O'z buyragini bergan ayolning ma'lum qilishicha, turmush o'rtog'i bir yildan buyon gemodializ muolajasi olib keladi. Tuman viloyat markaziga uzoqligi ancha noqulaylik tug'dirardi.

“Hatto xorijga borib davolatishga ham rozi edik. Dunyoda falon pul turadigan amaliyot viloyatimizning o'zida bepul amalga oshirilganidan xursandmiz”, — deydi Yulduz.

Mazkur filialda ikkinchi noyob amaliyotga tayyorgarlik ko'rilmoqda.

loading...