Afg'oniston Prezidenti Bayden bilan uchrashmoqchi

0

Afg'onistondan Prezident Muhammad Ashraf G'ani boshchiligidagi delegatsiya AQShga tashrif buyurdi. Bu haqda bugun, 24 iyun kuni “Ariana News” xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, Afg'onistonning “Kam Air” kompaniyasiga tegishli Airbus A-340 samolyoti Ashraf G'ani boshchiligidagi delegatsiya bilan Kobuldan to'g'ri Vashingtonga parvoz qilgan. Ertaga, 25 iyun kuni Ashraf G'ani AQSh Prezidenti Jo Bayden va ma'muriyatning boshqa rasmiylari hamda mamlakat kongressmenlari bilan uchrashadi.

Qayd etilishicha, Afg'oniston Prezidentiga ikki kunlik safarda mamlakatning birinchi vitse-prezidenti Amrulloh Solih, Milliy yarashuv bo'yicha Oliy kengash rahbari Abdulla Abdulla, Tashqi ishlar vaziri Hanif Atmar, milliy xavfsizlik bo'yicha Prezident maslahatchisi Hamdulloh Mohib, inson huquqlari bo'yicha mustaqil komissiyasi raisi Shahzod Akbar hamrohlik qilmoqda.

Abdulla Abdullaning ofisida (u ikki marotaba Afg'oniston Prezidenti lavozimiga da'vo qilgan va har ikki safar ham AQSh vakillarining qistovi bilan G'aniga yon bosgan — tahr.) ma'lum qilinishicha, u ham Bayden va boshqa bir qator rasmiylar bilan uchrashib, “majburiyatlar, tinchlik, hozirgi va bo'lajak munosabatlarga” oid savollar yuzasidan muzokara olib boradi.

Faollashib qolgan “Tolibon”

Qayd etish kerakki, AQSh o'z qo'shinlarini Afg'onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Tasdiqlangan ma'lumotlarga ko'ra, so'nggi o'n kun ichida Afg'onistonning Tojikiston bilan chegaradosh to'rt viloyatida hukumat kuchlari va “Tolibon” o'rtasida to'qnashuvlar bo'lgan.

O'zbekiston qo'shinlari Termizda jangovar mashg'ulotlarni boshladi

Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal'a, Darkad, Dashti Qal'a, Xojag'or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal'ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o'tdi. BMT ma'lumotiga ko'ra, 22 iyun holatiga Afg'onistonning 50 dan ortiq tumanini egallagan.

So'nggi kunlarda toliblar bilan janglarda og'ir zarbaga uchragan afg'on qo'shinlarining qo'shni respublikalar hududiga qochib o'tish holatlari kuzatildi. Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg'on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O'zbekistonga qochib o'tgan.

Eslatib o'tamiz, joriy yilning may oyida AQSh Afg'onistondan o'z qo'shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o'z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.

Ma'lumot o'rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSh va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko'ra, Amerika qo'shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o'tgach, aniqrog'i 2021 yilning mayigacha Afg'onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.

Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQShning Afg'onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo'shinlarini olib chiqishni boshlashini e'lon qildi. Unga ko'ra, qo'shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.

tarjumon.uz

loading...