O'zbekistonda diniy erkinliklar yanada kengaytirilmoqda

0

Senatning o'n oltinchi yalpi majlisida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida”gi Qonun ma'qullandi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi xabar bermoqda.

Qonun bilan vijdon erkinligini ta'minlashning asosiy ustuvorliklari, diniy tashkilotlarning huquq va majburiyatlari doirasi aniq belgilab berilmoqda. Diniy tashkilotlar faoliyatining qo'shimcha kafolatlari mustahkamlanmoqda.

Qonun bilan quyidagilar bekor bo'lmoqda:

– fuqarolarning jamoat joylarida “ibodat liboslari”da yurishlariga yo'l qo'yilmasligi haqidagi cheklov;

– diniy ta'lim mussasalarida diniy ta'lim beruvchilarga markaziy organning alohida roziligini olish talabi;

– diniy tashkilotni ro'yxatdan o'tkazish uchun notarial tasdiqlangan hujjatlarni taqdim etish tartibi;

– diniy tashkilotni tuzishda mahalla fuqarolar yig'inlari roziligini olish talabi bekor bo'lmoqda.

Qonunda diniy tashkilotlarni ro'yxatdan o'tkazish tartib-taomillari tubdan yengillashtirilmoqda:

– diniy tashkilotni tuzish uchun tashabbuskorlarning soni 100 nafardan 50 nafarga qisqartirilmoqda;

– diniy tashkilotni tuzish haqidagi yig'ilish o'tkazilgandan keyin 6 oy mobaynida (amalda 3 oy) adliya organiga murojaat qilish huquqi mustahkamlanmoqda;

– taqdim etiladigan hujjatlar soni qisqarmoqda;

– ro'yxatdan o'tkazish bilan bog'liq xizmatlar to'liq elektron ko'rinishda amalga oshirilishi joriy etilmoqda;

– diniy tashkilotni ro'yxatdan o'tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ko'rib chiqishning 3 oylik muddati 1 oy etib belgilanmoqda;

– ro'yxatdan o'tkazishni rad etish asoslari aniq belgilanmoqda.

 

-Diniy tashkilotning faoliyati faqatgina sud tomonidan to'xtatib qo'yilishi mumkinligi, mansabdor shaxslar tomonidan diniy tashkilotlarning qonuniy manfaatlarini buzuvchi xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilganda ular davlat bojini to'lashdan ozod etilishi va boshqa qo'shimcha kafolatlar nazarda tutilmoqda.

 

Mazkur Qonun O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolanib, belgilangan tartibda e'lon qilingach kuchga kiradi.

darakchi.uz

loading...