“SPORT FEST – 2021”: “JAR” sport majmuasida 12 turdagi sport musobaqalari bo'lib o'tdi

0

28-29 iyun kunlari poytaxtimizdagi “JAR” sport majmuasida “SPORT FEST – 2021” sport musobaqalari o'tkazildi. Toshkent shahri mahallalarida istiqomat qiluvchi yoshlar futbol, voleybol, basketbol, badminton, kurash, qo'l janggi kabi 12 turdagi sport musobaqalari uchun qizg'in bahs olib bordi.

Birgina voleybol sport turi bo'yicha musobaqada poytaxtning 12 tumanidagi 18 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan qizlar jamoalari qiziqarli va murosasiz o'yin ko'rsatdi. Unda 1-o'rinni Mirobod tumani jamoasi, 2-o'rinni Yashnobod tumani jamoasi va 3-o'rinni Chilonzor tumani jamoasi qo'lga kiritdi. O'g'il bolalar o'rtasidagi bahsda esa Yakkasaroy tumani jamoasi 1-o'ringa, Chilonzor tumani jamoasi 2-o'ringa, Yashnaobod tumani jamoasi esa 3-o'ringa sazovor bo'ldi.

— O'zbekiston Yoshlar ishlar agentligi, O'zbekiston yoshlar ittifoqi va O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada ming nafardan ortiq havaskor sportchilar jam bo'lishdi. Ishtirokchilardagi o'zgacha yondashuv, kuchli tayyorgarlikni ko'rib, yoshlar o'rtasida sportga bo'lgan muhabbat va ishtiyoqning ildizi mustahkamligiga, kun sayin yoshlar hayotida ommaviy sportning o'rni muhim ahamiyatga ega bo'lib borayotganiga amin bo'ldim, – deydi O'zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengash raisining o'rinbosari Sherzod Olimov.

Qo'l janggi bo'yicha kechgan qizg'in va shiddatli kurashda 100 nafar poytaxt yoshlari o'zaro kuch sinashdi. Yakuniy natijalarga ko'ra, 55 kgdan 95 kggacha bo'lgan 9 ta vazn toifasidagi g'oliblar tashkilotchilarning qimmatbaho sovg'alari bilan taqdirlandi.

— Ayni paytda sportning kurash turi bo'yicha musobaqaga hakamlik qilyapman. Hozirgacha 7 ta vazn toifasidagi 11 ta jamoaning bellashuviga guvoh bo'ldim. Ishtirokchilardagi o'ziga bo'lgan ishonch, shijoat, qat'iyat va olg'a intilish meni ancha quvontirdi, – deydi hakamlar hay'ati a'zosi Umida Mirhamidova. —Mazkur musobaqa orqali yoshlarni sport bilan muntazam shug'ullanishga qiziqtirish va ular orasidan bo'lajak chempionlarni saralab olishni maqsad qilganmiz.

— Ushbu port musobaqalari menga juda manzur keldi. Sababi yoshlar o'rtasida ommaviy sport ancha o'smoqda. Bugun barcha yumushlardan holi bo'lib, alohida vaqt ajratib, sog'lom turmush tarzi uchun qadam tashlamoqdamiz. Bundan tashqari, musobaqa natijasida yoshlarning tanishuv uchrashuvlari ular o'rtasidagi o'zaro do'stlik aloqalariga ko'prik vazifasini o'tayapti, – deydi musobaqa ishtirokchisi Bahodir Umarov.

Musobaqa doirasida “Yoshlar velomarafoni” Respublika turniri va Shaxmat bo'yicha Respublika birinchiligi ham bo'lib o'tdi. “Yoshlar velomarafoni”da hududiy bosqichlardan saralab olingan 42 nafar yoshlar, Shaxmat bo'yicha Respublika birinchiligida esa 56 nafar viloyat bosqichi g'oliblari final shohsupasi uchun kurashdi.

Ming nafardan ortiq yoshlarni bir ezgu maqsad atrofida birlashtirgan musobaqa davomida g'oliblar tashkilotchilarning maxsus diplomlari va qimmatbaho sovg'alari bilan taqdirlandi. Yakundagi galakonsert yoshlarga ko'tarinki ruh va bayramona shukuh ulashdi.

Shaxnoza Nurullayeva

loading...