Professional boks: WBA reytingi yangilandi

0

Xasanboy, Shoxjahon, Botir kuchlilar safida. Meliqo'ziyev esa hozircha TOP-15 talik bilan xayrlashdi
Kuni kecha, 1 iyul kuni Butunjahon bokschilar assotsiatsiyasi (WBA) yangilangan reytingni e'lon qildi. Iyun oyi mobaynidagi bir qator asosiy va reyting janglari natijalariga ko'ra, kimlardir o'z yo'nalishlaridagi o'rnini mustahkamlab olgan bo'lsa, kimlardir kuchli 15 talik bilan xayrlashdi.

Jumladan, o'tgan oydagi omadsizlik oqibatida WBA reytingida 7-o'rinda borayotgan hamyurtimiz Bektemir Meliqo'ziyev ikkinchi o'rta vazn (76,2 kg) dagi TOP-15 talikni hozircha tark etdi. Shu kunlarda Amerikada mashg'ulotlarni olib borayotgan sportchimiz ruhiy kuch-qudratiga tayangan holda qisqa fursatlarda yana katta ringdagi o'z mo'jizalarini namoyish etishiga ishonib qolamiz.

Iyun oyi mobaynida o'tkazilgan reyting janglaridagi muvaffaqiyati natijasida hamyurtimiz Shoxjahon Ergashev va rossiyalik Botir Ahmedov birinchi yarim o'rta vazn (63,5 kg)dagi o'rinlarini ancha mustahkamlab olishdi. Gulistonda tug'ilib voyaga yetgan Botir Ahmedov AQShning Atlanta shahrida sobiq jahon chempioni, dominikanlik Arxenis Mendesni mag'lub etganligi evaziga 4-pog'onadan 2-o'ringa ko'tarilgan bo'lsa, Shoxjahon Ergashev joriy yil 11 iyun kuni Toshkentda o'tkazgan reyting jangidan so'ng 7-pog'onada o'z mavqeini yaxshilab oldi.

Jahon boksida o'z o'rni va mavqeiga ega bo'lgan yana bir bokschimiz Xasanboy Do'smatov professional boksning 49 kilogramm vaznida asta-sekinlik bilan TOP-15 “zinalaridan odimlamoqda”. Joriy yilning boshida kuchli 20 talikda ham ko'rinish bermagan Xasanboy qisqa fursatda professional boksda o'z o'rni borligini isbotladi. Faoliyati mobaynida 3 ta jang o'tkazib, barchasida g'alabaga erishgan Do'smatov WBAning yangilangan reytingida 3-o'ringa ko'tarilishga erishdi.

Texnik va taktik mahorati bilan Yevropa va AQSh davlatlaridagi bir qator promuoterlik kompaniyalar nazariga tushgan bokschimiz yaqin kelajakda professional boksning chempionlik kamarlaridan biriga da'vogarlik qilsa ajab emas. Shu jihatdan aytish mumkinki, shamol bo'lmasa, daraxtning bargi qimirlamaydi, deganlaridek Do'smatovning iste'dodi, uning imkoniyatlari, ertangi raqiblari xususida keyingi paytda xorijiy sport nashrlari bot-bot takrorlashmoqda.

loading...