Fransiyada koronavirusning to'rtinchi to'lqini boshlangani e'lon qilindi

0

Fransiya avvalgi bosqichlarga nisbatan yuqoriroq sur'atdagi kasallanishlar bilan koronavirus pandemiyasining to'rtinchi to'lqiniga qadam qo'ydi. Bu haqda hukumat rasmiy vakili Gabriel Attal ma'lum qildi, deb yozadi «RBK».

«Biz koronavirus pandemiyasining to'rtinchi to'lqiniga kirib keldik. Epidemiya dinamikasi avvalgi bosqichlarning har qaysisidan ham ancha yuqoriroq», — dedi u.

Uning so'zlariga ko'ra, koronavirus bilan kasallanish holatlari soni bir haftada 125 foizga oshgan. Hukumat vakili qo'shimcha qilishicha, 80 foiz holatlarda odamlar delta shtammga chalinmoqda.

Attalning qayd etishicha, hukumat «eng zarur buyumlarni sotib olish» imkoniyatini ta'minlash uchun ba'zi savdo markazlarida o'tkazish tizimini saqlab qolmoqchi. Uning aniqlik kiritishicha, o'tkazish tizimiga rioya qilmaslik birinchi marta 1,5 ming yevro, ikkinchi marta 9 ming yevrogacha jarima bilan jazolanadi.

12 iyul kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron barcha tibbiy xodimlarga emlanish majburiyatini yuklovchi qonun loyihasi tayyorlangani haqida e'lon qildi. Bunday choralar ko'rilishiga COVID-19’ning delta shtammi faol ravishda tarqalayotgani sabab qilib keltirildi. Ish beruvchi vaksinatsiya guvohnomasi bo'lmagan xodimlarni ishga qo'ymaslik huquqiga ega. Hujjat 21 iyul kuni mamlakat parlamenti tomonidan tasdiqlanishi kerak, shundan keyin esa Konstitutsiyaviy kengashga tasdiqlash uchun yuborilishi mumkin.

14 iyuldan Fransiyada ishchilar ushbu qonun loyihasiga qarshi namoyishga chiqishni boshladi. 17 iyul kuni koronavirusga qarshi majburiy vaksinatsiyaga qarshi aksiyalarda 114 ming kishi qatnashdi. Namoyishchilar prezident Makronni «hokimiyatni suiiste'mol qilishda» va «davlat to'ntarishida» aybladi. Noroziliklar tashkilotchilari orasida «sariq nimchalilar» ham bo'lib, ular 2018 yilda, namoyishchilar soliq, iqtisodiyot va moliya siyosatida o'zgarishlarni talab qilgan paytlarda tanilgan edi.

Respublika Sog'liqni saqlash vazirligining so'nggi ma'lumotlariga ko'ra, pandemiya boshidan buyon Fransiyada 5,8 milliondan ortiq odam koronavirusga chalingan, shularning 111 ming nafari vafot etgan. Shuningdek, 37 milliondan ortiq kishi kamida bitta dozada, 30 million odam esa to'liq emlangan.

loading...