Tojikistonda afg'on qochqinlari uchun vaqtinchalik baza quriladi

0

Tojikistonning Xatlon viloyati hududida afg'on qochqinlari uchun vaqtinchalik baza barpo etiladi. Baza qurilishi uchun viloyatning Jayhun tumani hududidan maxsus joy va hududiy byudjetdan kerakli summa ham ajratilgan.

Bu haqda viloyat rahbari Qurbon Hakimzoda 19 iyul kuni bo'lib o'tgan matbuot anjumanida ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Asiaplustj.info.

Mulozim vaqtinchalik baza qurilishiga oid boshqa tafsilotlarga to'xtalmagan. Faqatgina qurilish ishlarini Tojikiston IIV xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirishini ochiqlagan xolos.

Qurbon Hakimzoda, shuningdek, 113 nafar afg'on harbiylari qurol-yarog'lar va harbiy texnikalari bilan birga davlat chegarasini buzib, Quyi Panj ko'prigi orqali Xatlon viloyati hududiga o'tganiga ham to'xtalgan.

“Biz ularni qabul qildik, chodirlar va issiq ovqat bilan ta'minladik. 94 kishi Shamsiddin Shohin tumani hududidan chegarani kesib o'tgan. Chegara hududidagi bozorda ular uchun chodirlar lageri tashkil etildi. Xuddi shunday markazlashgan lager Mo'minobod viloyati hududida ham tashkil etilgan”, – deya ta'kidlagan viloyat rahbari.

Qurbon Hakimzodaning aytishicha, chegaradan Xatlon va Tog'li Badaxshon avtonom viloyati hududiga o'tgan barcha qochqinlar Ko'lob aeroporti orqali Kobulga qaytishgan.

“Bitta narsani unutmaslik kerak, mamlakatimizda fuqarolik urushi bo'lgan vaqtlarda afg'onlar bizning fuqarolarimizni qabul qilishgan, oylar mobaynida ovqat va joy bilan ta'minlashgan. Bugun esa ularning o'zi musibatda va biz shunchaki insoniylik nuqtayi nazaridan ularga yordam berishimiz shart. Albatta, xavfsizlik va sanitariya normalarini hisobga olgan holda”, – deya Hakimzodaning so'zlarini keltirmoqda OAV.

loading...