Caviar kompaniyasi qahva hidiga ega iPhone 13 Eco’ni namoyish etdi (foto)

0

Caviar zargarlik kompaniyasi asosiy o'ziga xosligi maydalangan qahva, tabiiy vanil, atirgul barglari, Alp tog'i moychechagi va bo'tako'zi bo'lgan iPhone 13 Eco’ni namoyish etdi, deb xabar beradi «Afisha.uz».

Smartfon korpusi qizil yog'ochdan ishlanadi, tabiiy materiallar esa tarkibida biotsid, plastikator va erituvchilar bo'lmagan moddalar yordamida birlashtiriladi.

Yangi kolleksiyada jami to'rtta model taqdim etilgan:

-Vanilla Coffee — maydalangan qahva va vanil zarralari bilan;

-Alpine Cornflower — Alp tog'ida o'sadigan bo'tako'z;

-Spicy Rose — quritilgan atirgul barglari;

-Alpine Chamomile — markazida moychechak joylashgan rangli kompozitsiya.

Caviar mutaxassislarining ma'lum qilishicha, mahsulotlarda foydalanilgan tabiiy iforlar uch oygacha saqlanib turadi. Belgilangan muddat tugagach esa smartfon egasi ushbu hidni qayta tiklash bo'yicha buyurtmani amalga oshirishi mumkin.

iPhone 13’ning to'rtta modelining cheklangan seriyasi 99 nusxadan iborat. Rasmiy narxlari esa quyidagicha:

-Alpine Cornflower — 5 520 dollardan;

-Spicy Rose — 5 520 dollardan;

-Vanilla Coffee — 5 680 dollardan;

-Alpine Chamomile — 5 750 dollardan.

Caviar kompaniyasi bunga qadar smartfon-tank — iPhone T-34’ni, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning portreti va imzosi aks ettirilgan iPhone 6s’ni, AQSh prezidenti Donald Tramp sharafiga tilla iPhone 7 kabi noyob modellarni taqdim etgan.

 

 

loading...