Poroshenko bir yil ichida Qrimni Ukraina tarkibiga qaytarishga va'da berdi

0

Ukraina sobiq prezidenti va «Evropa birdamlik» partiyasi rahbari Pyotr Poroshenko Rossiya timsolidagi «bosqinchi»ni yengib, bir yil ichida Qrimni «uyga» qaytarishga va'da berdi. Bu haqda siyosatchi o'zining Facebook sahifasida ma'lum qilgan, deb yozadi «RBK».

Facebook’dagi posti orqali u Qrim tatarlariga va «barcha ukrainalik musulmonlarga» ularni Qurbon hayiti bilan tabriklash uchun murojaat qildi. Siyosatchi bir yildan so'ng Qrimdagi musulmonlar bayrami Ukraina tarkibida nishonlanishiga umid bildirdi.

«Ishonamanki, birgalikdagi sa'y-harakatlar bilan biz bosqinchini albatta mag'lub qilamiz va Qrimni uyiga qaytaramiz. Tez orada mahalliy Qrim tatarlari Qurbon hayitini bemalol Ukraina Qrimida nishonlaydi», — deb yozgan Poroshenko.

2020 yilning iyun oyida Poroshenko koronavirus tufayli yuzaga keladigan iqtisodiy inqiroz «Rossiyani Donbass va Qrimdan chiqib ketishga majbur qilish uchun sharoit yaratishi mumkinligini aytgandi.

Sobiq prezidentning so'zlariga ko'ra, Rossiya yalpi ichki mahsulotning 5 foizga pasayishi bilan chuqur inqirozga kira boshlaganda, Ukrainada xalqaro hamjihatlikni kuchaytirish va Rossiyani «Normandiya formati»ning umumiy bosimi ostida imzolangan majburiyatlarni bajargan holda Donbass va Qrimdan chiqib ketishga majbur qilish uchun imkoniyat paydo bo'lgan.

O'z navbatida, Federatsiya Kengashining Xalqaro ishlar bo'yicha qo'mitasi a'zosi Sergey Sekov Ukraina sobiq prezidentining Rossiyadagi YaIMning pasayishi Qrimni qaytarish uchun «noyob imkoniyat» ekani haqidagi bayonotini iqtisodiy jarayonlar nuqtai nazaridan mantiqsiz deb atadi. Shuningdek, u tarixiy va milliy jarayonlar nuqtai nazaridan Qrim Rossiyaning bir qismi bo'lishi mutlaqo tabiiy hol ekanini aytdi.

Ma'lumot uchun 2014 yil mart oyida Qrimda referendum bo'lib o'tgan, unda yarimorol aholisining aksariyati Rossiyaga qo'shilishni qo'llab-quvvatlagan. Ukraina va bir qator G'arb davlatlari ovoz berish natijalarini tan olmaydi va sodir bo'lgan voqealarni «anneksiya» (bosib olish) deb hisoblaydi. AQSh Qrimning Rossiyaga qo'shilishini hech qachon tan olmaslikka so'z bergan. Rossiya hukumati bir necha bor Qrim masalasi tarixan yopiq ekanini ta'kidlagan.

loading...