Farg'onada taksichini o'ldirishda gumonlanayotgan to'rt kishi ushlandi. Ularning uch nafari voyaga yetmaganlar

0

Farg'ona viloyati Quva tumanida 45 yoshli taksi haydovchisining o'ldirilishi yuzasidan jinoyat ishi qo'zg'atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda 19 iyul kuni «15-16 yoshli bolalar 45 yoshli taksichini vahshiylarcha o'ldirib, dalaga tashlab ketgani» haqida xabarlar tarqalgan.

Xabarda aytilishicha, T. ismli fuqaro Farg'ona shahri «Qirguli» mavzesida joylashgan markaziy bozor oldida uch nafar sherigi bilan ko'rishib, taksi chaqirishga va uning haydovchisini tunashga kelishib olgan. Shundan so'ng ular taksi chaqirib, 150 ming so'm evaziga Quva tumani hududida joylashgan «Karkidon» suv omboriga borib qaytishga kelishgan.

Mashina Quva tumani, Tolmazor mahallasida joylashgan «Muxammadsaid Ozodbek» fermer xo'jaligi dala maydoniga yetgan vaqtda yo'lovchilardan biri ko'ngli behuzur bo'layotganini bahona qilib, mashinadan tushgan va yonidagi o'tkir tig'li jism bilan haydovchining bo'yniga urgan. Qolganlar ham haydovchini yerga tushirib, uni toshlar bilan urgan, oyoq qo'llariga tan jarohati yetkazgan va uni hushsiz holda tashlab ketgan.

«Gazeta.uz»ning aniqlik kiritishicha, guruh avtomashina va marhumning yonida bo'lgan 50 ming so'm pul hamda 1 dona Xiaomi Mi Note Pro telefonini bosqinchilik yo'li bilan qo'lga kiritgan. Guruh a'zolaridan ikki nafari 2004 yilda tug'ilgan D.A. va 2005 yilda tug'ilgan M.T. maktab o'quvchilari hisoblanadi.

20 iyul kuni Farg'ona viloyati prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi 2-qismi «i, p» bandlari (tamagirlik niyatida, bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a'zosi tomonidan yoxud o'sha guruh manfaatlarini ko'zlagan holda qasddan odam o'ldirish) va 164-moddasi 3-qismi «g» bandi (Bosqinchilik: badanga og'ir shikast yetkazgan holda) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.

Jinoyat ishi doirasida 4 nafar shaxs (3 nafari voyaga yetmagan) gumonlanuvchi tariqasida protsessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

loading...