Polshadagi o'lim lagerida 100 dan ziyod o'zbekistonlik saqlangani ma'lum bo'ldi

0

Polshadagi Aushvis-Birkenau (Osvensim) nemis konslager va o'lim lagerlari majmuasida saqlangan o'zbekistonliklarni aniqlashga qaratilgan tadqiqotning birinchi va eng muhim bosqichi yakuniga yetdi. Bu haqda O'zbekistonning Polshadagi elchixonasiga tayanib, «Dunyo» agentligi xabar berdi.

1940−1945 yillarda lager hududiy jihatdan nemislarning Yuqori Sileziya (hozirda Polsha hududida, Krakov shahri g'arbida — tahr.) joylashgan.

Tadqiqotning oraliq natijalariga ko'ra, lagerda o'zbekistonliklar 100 nafardan ko'proqni tashkil etgan. Ular lagerga asosan 1941−1942 yillarda tushgan. Bugungi kunda Aushvis-Birkenauda turli sabablardan: ochlik, o'pka, yurak va oshqozon kasalliklari, sovuqdan vafot etgan 22 nafar o'zbek mahbusi haqida ma'lumot bor.

Ushbu 22 asir to'g'risida batafsil ma'lumotlar shakllantirilgan — ism-familyalari, tug'ilgan yili, qaysi harbiy qismda xizmat qilgan, asirlikka tushgan joyi, ularning shaxsiy raqami, o'limi sababi va hokazo.

Tadqiqot 5 yil davomida ikki davlat diplomatik vakolatxonalari, shuningdek, Aushwitz-Birkenau Fondation fondi rahbariyati, Navoiy viloyati hokimligi bilan hamkorlikda olib borilgan. Loyiha mazkur hududdan bo'lgan entuziastlar tomonidan moliyalashtirilgan bo'lib, polyak istoriograflari va guvohlar ko'magida amalga oshirilgan.

Qayd etilishicha, Aushvis-Birkenau mahbuslarining qarindoshlarini aniqlash bo'yicha ham ishlar olib borilgan bo'lib, Navoiy viloyatida o'lim lagerining 22 nafar mahbusidan ikki nafarining qarindoshlari va avlodlari topilgan.

«Otalari va bobolari taqdiri haqida xabardor bo'lish ham quvonchli, ham qayg'uli hodisa bo'ldi. Oilalar uzoq yillar o'z bobolarini izlashgani, biroq natijasi bo'lmaganini ma'lum qildi. Mahalliy qabristonlarda ularning ramziy qabrlarini o'rnatishga qaror qilindi», — deyiladi xabarda.

Ma'lum qilinishicha, ikki davlat elchixonalari ayni vaqtda 2021 yilning oktyabrida O'zbekistonga 60 nafarga yaqin polyak ekspertlari, Polsha Xalq xotirasi instituti tarixchi va tadqiqotchilarining tashrifiga tayyorgarlik ko'rmoqda. Toshkentdagi Qatag'on qurbonlari xotirasi muzeyida ular ishtirokida tadbir bo'lib o'tishi kutilyapti.

Eslatib o'tamiz, 2015 yilda Rossiya Mudofaa vazirligi o'z rasmiy saytiga Ikkinchi jahon urushiga bog'liq 15 ta noyob, maxfiy va tarixiy hujjatlarni joylashtirgandi. Ularning orasida Polsha hududida joylashgan Osvensim o'lim lagerlari majmuasini ozod qilish bilan bog'liq hujjatlar ham mavjud bo'lib, unda Osvensimni ozod qilishda 838 nafar o'zbek qatnashgani qayd etilgan edi.

Ma'lumot uchun, 1940−1945 yillarda faoliyat ko'rsatgan Osvensim lagerida rasmiy ma'lumotlarga ko'ra 1,4 million kishi halok bo'lgan, ulardan 1,1 millionga yaqini yahudiylar bo'lgan. Lagerni ozod qilishda 1 va 4-Ukraina frontlarining kuchlari qatnashgan. Urush paytida frontlarga millat bo'yicha emas, balki ularning harakatlanish hududiga qarab nom berilgani qayd etilgan.

loading...