Qirg'iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayev mamlakatda ommaviy tartibsizliklarni tashkil qilganlikda ayblanmoqda

0

Qirg'iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayevga 2020 yil 9 oktyabr kuni Bishkekda sodir bo'lgan ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirganligi uchun ayblov e'lon qilindi. Bu haqda advokat Zamir Jo'shevga tayanib, «Kommersant'» xabar qilgan.

2020 yil oktyabr oyida Bishkekda parlament saylovlarida qayd etilgan natijalardan norozi bo'lgan olomon ommaviy tartibsizliklarni yuzaga keltirgandi.

«Almazbek Atambayevga 2020 yil 9 oktyabrda Bishkek shahridagi Ala-Too maydonidagi ommaviy noroziliklarni tashkillashtirgani yuzasidan ayblov e'lon qilindi»,— degan Jo'shev «Interfaks»ga bergan intervyusida.

Uning so'zlariga ko'ra, Almazbek Atambayevga mazkur ish yuzasidan gumondorlik bo'yicha taqdim qilingan bildirishnomada uning o'z jinoiy rejasini amalga oshirish hamda hukumatni egallab olish maqsadida sobiq bosh vazir Omurbek Babanov, maslahatchi Farid Niyazav va boshqa shaxslar bilan til biriktirgani haqida yozilgan.

Advokat ayblovda Almazbek Atambayevning omma ichiga salbiy va tajovuzkor kayfiyat olib kirgani, oqibatda ommaviy tartibsizliklar yuz berib, o'qotar qurollardan foydalanilgani, toshlar hamda boshqa qattiq buyumlar uloqtirilgani bayon qilinganini bildirgan.

«Aslida, 9 oktyabr kuni Atambayev va boshqa siyosatchilar bosh maqsadi – mamlakatdagi siyosiy beqarorlikni yo'qotish, avvalgi qonuniy yo'lga qaytish, parlament tomonidan munosib nomzodni bosh vazir lavozimiga saylash, shuningdek, hukumatni zo'ravonlik bilan egallashlariga yo'l qo'ymaslikni talab qilib miting o'tkazgandi»,— deydi advokat.

U mazkur ish bo'yicha Qirg'iziston Ichki ishlar vazirligi tergov bosh boshqarmasiga Omurbek Babanov va Omurbek Tekebayevni, shuningdek, sobiq prezident So'ranbay Jeenbekovdan daxlsizlik huquqini olib, uni ham tergov tadbirlariga jalb qilib, so'roqqa chaqirishni so'rab, talabnoma kiritganini aytgan.

2020 yil oktyabr oyida Qirg'izistonda parlamentga o'tkazilgan saylovlardan keyin ommaviy tartibsizliklar boshlangan. 6 oktyabrda Almazbek Atambayev norozilik bildirayotgan xalqning talabi bilan 2019 yil 9 oktyabrdan beri hibsda saqlanayotgan tergov qamog'idan ozod qilingan. 2020 yil 9 oktyabrda Atambayev mashinasi o'qqa tutilgan, 10 oktyabrda u yana hibsga olingandi.

loading...