Uch oy davomida oylik maoshlarini ololmagan ishchilar masalasi hal etildi

0

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman)ga Buxoro viloyati, Peshku tumanidagi “Neftgazqurilishta'mir” AJ ishchi-xodimlari tomonidan oylik maoshlarini berilmayotgani bo'yicha murojaat kelib tushgan edi.

Murojaatda yozilishicha, 20 nafardan ortiq xodimlarga ish beruvchi va bosh hisobchining mas'uliyatsizligi sabab, 3 oydan buyon ish haqlari to'lanmagan.

O'zbekiston Respublikasining Mehnat Kodeksining 161 moddasiga ko'ra, mehnatga haq to'lash muddatlari har yarim oyda bir martadan kam bo'lishi mumkin emas. Qoida tariqasida har oyning 15 sanasida avans to'lovi, keyingi oyning 5 sanasigacha oylik maosh berilishi kerak.

Kodeksning 154-moddasida esa ish beruvchi o'zining moliyaviy holatidan qat'i nazar, xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq ushbu Kodeksning 161-moddasida ko'rsatilgan muddatlarda to'lashi shart ekanligi ko'rsatilgan.

Ushbu murojaat o'rganilganda “Neftgazqurilishta'mir” AJning 1-son “Qurilish montaj boshqarmasi” unitar korxonasi xisob raqamida pul mablag'lari bo'lmaganligi, bajargan ishlari buyurtmachi tomonidan vaqtinchalik kechikkanligi sababli 20 nafar ishchi va xizmatchilarning noyabr, dekabr, va yanvar oylarida jami 130 mln so'mga yaqin qarzdorlik vujudga kelganligi aniqlangan.

Mazkur holat Ombudsman nazoratiga olinib, tegishli idoralar orqali ishchilarga uch oylik maoshlari va unga tenglashtirilgan to'lovlar undirilishiga erishildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari

bo'yicha vakili (ombudsman)

loading...