O'zbekiston vaksina olish uchun nechta davlatga so'rov yuborgani aytildi

0

AOKAda 23 iyul kuni bo'lib o'tgan «COVID-19»ga qarshi vaksinaning aholi salomatligiga ta'siri haqidagi matbuot anjumanida koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Nurmat Otabekov O'zbekiston vaksina ishlab chiqaruvchi 12 davlatga rasman murojaat qilgani haqida ma'lum qildi. Bu haqda «Bugun.uz» muxbiri xabar berdi.

Nurmat Otabekovning ta'kidlashicha, hozirda 14 turdagi vaksina dunyo bo'yicha amaliyotda qo'llanilmoqda. Bulardan faqat 6 tasini Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti tavsiya qilgan.

Ma'lum qilinishicha, O'zbekiston 12 ta vaksina ishlab chiqaruvchi mamlakatga rasman murojaat qilgan va ulardan haligacha javob kelmagan.

«Hozir dunyoda vaksinaga ehtiyoj juda yuqori bo'lgani uchun, ishlab chiqarish quvvati yetmayapti va ishlab chiqarilayotgan vaksinalar o'zlarining davlatlari va vada berib qo'yganlari boshqa davlatlardan ortmayapti. ‘AstraZeneca’, ‘Sputnik V’, ‘o'zbek-xitoy’ vaksinasidan boshqalarini ham O'zbekistonga olib kelishga harakat qilyapmiz, qachonki ularda imkoniyat paydo bo'lgan zahoti albatta bizni hududimizda qo'llaniladigan vaksinalarning turi va soni ortishi mumkin», — dedi Nurmat Otabekov.

Avvalroq O'zbekistonda qancha fuqaroni koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilgani ma'lum qilingan. Shuningdek, «ZF-UZ-VAC2001» vaksinasining yana 1 million dozasi olib kelingani xabar berilgandi.

loading...