Boshim og'rimasin desangiz: Migren boshlanishidan avvalroq u bilan kurashishga yordam beradigan 6 usul

0

Migren yoz kunlarida tez-tez bezovta bo'lishga sabab bo'ladigan kasallik sanaladi. Jazirama, quyoshning yorqin nuri uning qo'zg'alishiga olib kelishi mumkin. Bosh og'riganda nima qilish kerakligi haqida «Domashniy ochag» jurnalidagi tavsiyalarni e'tiboringizga havola etamiz.

Ko'proq suyuqlik iching

 

Kuchli bosh og'rig'i – organizmga suv yetishmayotganidan signal beruvchi suvsizlanishga xos simptom sanaladi. Suyuqlik balansining hatto biroz buzilishi ham migrenga sabab bo'lishi mumkin. Aynan shuni inobatga olgan holda ko'p suyuqlik ichish, shuningdek, tarkibida suv bisyor bo'lgan sabzavot va mevalar – bodring, tarvuz va boshqalarni iste'mol qilish tavsiya qilinadi.

 

Spirtli ichimliklardan tiyiling

 

Spirtli ichimlik tufayli nafaqat tongda bosh og'rig'i bilan uyg'onish, balki kun davomida ham ushbu muammodan aziyat chekish mumkin. Aynan shu bois ham bu kabi ichimliklardan, ayniqsa jazirama kunlarda tiyilgan yaxshi.

 

Tez-tez ovqatlaning

 

Qondagi qand miqdorining tushib ketishi kuchli bosh og'rig'iga sabab bo'lishi mumkinligi uchun ham har ikki soat vaqt oralig'ida tamaddi qilish kerak. Zaruriyat bo'lganda iste'mol qilish uchun yoningizda batoncha, yong'oq yoki quritilgan mevali paket olib yuring.

 

Tiniqib uxlashga harakat qiling

 

Kechki uyquning me'yorda bo'lmasligi yoz kunlari bezovta qiladigan bosh og'rig'ining eng ko'p tarqalgan sabablaridan biri sanaladi. Issiq harorat tufayli odam yaxshi uxlay olmaydi. Uyquning chuqur fazasi qisqarganida, dam olib bo'lmaydi natijada kishi ertalab bosh og'rig'i bilan uyg'onadi. Kechasi konditsionerdan foydalanishning imkoni bo'lmasa, issiq bilan qanday kurashish mumkinligi haqidagi tavsiyalarga amal qilib ko'ring.

 

Jismoniy faol bo'ling

 

Tadqiqotchilar odamda aerobik zo'riqish qancha ko'p bo'lsa, bosh og'rig'i shuncha kam kuzatilishini ta'kidlaydi. Hafta davomida uch marta 40 daqiqa davomida sport bilan shug'ullanish salomatlikka ijobiy ta'sir ko'rsatadi.

 

Stressni yengishni o'rganing

 

Salomat bo'lish va uzoq umr ko'rishni istasangiz stressni yengishni hamda uning oqibatlarini meditatsiya yordamida kamaytirishni o'rganing. Aynan surunkali, uzoq vaqt davom etadigan stress hayot davomiyligini qisqartirishi mumkin bo'lgan kasalliklar: ikkinchi turdagi qandli diabet, infarkt, insult va hatto yosh bilan bog'liq demensiya paydo bo'lishiga olib kelishi mumkin.

loading...