Britaniyalik ayol koronavirusdan qo'rqib 9 oy uyidan chiqmadi. Birinchi marta ko'chaga chiqishi bilan uni mashina urib ketdi

0

Angliyaning Uymut shahrida to'qqiz oy ichida birinchi marta uyidan chiqqan 62 yoshli Sara Lyuis yuk mashinasi urib ketishi oqibatida halok bo'ldi. Ayol o'zini koronavirusdan himoya qilish uchun shuncha vaqt uyidan chiqmagandi, deb yozadi Daily Mirror.

Taksi kutib bo'lgach, Lyuis yo'lni kesib o'ta boshlagan, lekin sumkasidan himoya niqobini olmoqchi bo'lib, atrofga e'tibor bermagan. Shu payt orqaga yurayotgan yuk mashinasi ayolni urib yuborgan. Ayol mashina haydovchisiga ko'rinmaydigan zonaga tushgan. Haydovchi mashinaning orqani ko'radigan ko'zgularini va atrofdagi yo'lni ko'zdan kechirgan, lekin ayolni ko'rmagan. U ko'chada to'xtab turgan mashinalar juda ko'p bo'lgani uchun orqaga yurishga majbur bo'lganini aytdi.

Voqea sodir bo'lganidan so'ng bir muncha vaqt Lyuis mashina ostida qolib ketgan. Qutqaruvchilar kelgach uning vafot etgani aniq bo'ldi. Sud-tibbiy ekspertizasi ayol avtohalokatda olgan jarohatlari tufayli hayotdan ko'z yumganini ko'rsatdi.

Voqeani o'rgangan shifokorlar, shuningdek, ayol ilgari koronavirusga nisbatan klinik jihatdan zaif deb topilganini aniqladi. So'nggi marta u 2020 yilning 16 noyabrida, mashinasini garajga olib borib qo'yganidan buyon to'qqiz oy davomida uyidan chiqmagan.

loading...