Iste'molchi aviachiptadan uch yilgacha foydalanish huquqini oldi

0

Marg'ilon shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan Qirguli MFY hududida yashovchi Z.Usmonovning O'zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasining ishonch telefoniga murojaati o'rganilgan.

Bu haqda Marg'ilon shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi Saidxon Xapizov xabar qildi.

Undan ma'lum bo'lishicha, murojaat egasining farzandi 2021 yilning iyun oyida Marg'ilon shahrida joylashgan aviakassadan Qirg'iziston Respublikasi orqali Rossiya Federatsiyasiga uchish uchun 3 000 000 (uch million) so'mga aviachipta sotib olgan.

Biroq keyinchalik uzrli sabab bilan ucha olmasligi ma'lum bo'lgach, aviakassa mas'ullariga ushbu masalada murojaat qilib, aviachipta pulini qaytarilishini so'ragan.

Aviakompaniya vakillari esa unga ushbu holatda aviachipta uchun to'langan pulni to'liq emas, balki uning 400 000 (to'rt yuz ming) so'minigina qaytara olishlarini ma'lum qilganlar.

Murojaat mutaxassislar tomonidan o'rganilishi jarayonida iste'molchi va aviakassa rahbarining muloqoti ta'minlangan hamda ularga O'zbekiston Respublikasining “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi va “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi Qonunlari tushuntirilgan.

Aviakassa rahbariga yuzaga kelgan holatda iste'molchiga aviachipta puli qaytarilishi lozimligi yoki bunga muqobil variant sifatida parvoz muddatini boshqa paytga ko'chirib berish zarurligi tushuntirilgan.

Olib borilgan tushuntirish va targ'ibot ishlari natijasi bilan hamda har ikki tomonning roziligi asosida iste'molchi chiptasi uch yil muddatgacha foydalanish huquqi bilan uzaytirilib berilgan.

darakchi.uz

loading...