Surxondaryoda IIB xodimlari bir fuqaroni vahshiylarcha qiynab o'ldirgani aytilmoqda

0

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati, Denov tumani, Oqtom mahallasida yashagan Hasan Xushmatovni ichki ishlar xodimlari majburlab idoraga olib ketib, vahshiylarcha qiynab o'ldirgani haqida murojaat tarqaldi.

Marhumning rafiqasi aytishicha, oilaviy mojarodan keyin tomonlar kelishib olishgan bo'lsa-da, Hasan Xushmatovni IIB xodimlari majburlab olib ketishadi. Ayolning uchastka noziriga murojaati ham e'tiborsiz qoldiriladi. «Sen aralashma», degan javobni oladi. Biroz vaqt o'tib, ayolning yaqinlari eri kasalxonada yotganini aytishadi.

Videomurajaatda aytilishicha, erkakning jarohatlanmagan joyi qolmagan va ayovsizlarcha kaltaklanishdan juda ayanchli holga tushirilgan.

Eslatib o'tamiz, bu IIB xodimlarining fuqarolarni qiynoqqa solishi ortidan ularning vafot etishi bilan bog'liq yagona holat emas. Bunday fojiali voqealar avvalroq Andijonda va Qashqadaryoda kuzatilgan  hamda tasdig'ini topgan edi.

Yaqinda Andijon shahrida yashovchi fuqaro ham ichki ishlar xodimlari kuch ishlatishidan tan jarohati olgani haqida xabar tarqaldi. Bosh prokuratura matbuot xizmati ushbu holat o'rganilayotgani haqida bayonot berib,  tergovga qadar tekshirish olib borilayotganini bildirgandi.

O'sha xabardan keyin Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Sh.G'iyosovning «bayonoti» paydo bo'lgan va unda vaziyatni xaspo'shlash, hamkasblariga nisbatan «adabiy advokatlik» qilish, o'rganilayotgan voqelik natijasini avvaldan bashorat qilishga urinilgan edi. Kamiga, xabarni e'lon qilgan sayt xodimlari «uzr so'rab», axborotni o'chirishi lozimligini iddao qilib chiqqandi.

Endi bu ayanchli voqeaga nima deysiz, janob G'iyosov?

loading...