Bolalarda koronavirus aniqlanishi holatlari ko'paydi. Ular qanday davolanadi?

0

So'nggi vaqtlarda bolalar orasida koronavirusga chalinish holatlari ko'paygani sezildi. Virusning delta shtammi bolalar orasida keng tarqalishi oqibatida Zangiota maxsus shifoxonasiga qo'shimcha ravishda Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy amaliy tibbiyot markazida ham koronavirus bilan zararlangan bolalarni davolash uchun 250 ta o'rin tashkil qilindi. Bu haqda Kun.uz muxbiri Gulmira Toshniyozova o'z maqolasida ma'lum qildi.

Pediatriya markazi davolash ishlari bo'yicha direktori o'rinbosari, bosh shifokor Abdumannon Abduqayumov markazdagi bemor bolalarning holati haqida ma'lumot berdi.

Shifokor koronavirusga chalingan bolalarni uy sharoitida davolash, ularga qo'llanadigan dori-darmonlar to'g'risida ham maslahatlari bilan o'rtoqlashdi.

8 kunlik chaqaloqda ham COVID-19 aniqlangan

«Isitmasi chiqqan bemorimiz 8 kunlik chaqaloq, ertalab onasi bolaning isitmalayotganini bilgan va tez yordamga qo'ng'iroq qilgan. Shifokor ko'rigidan keyin, ekpress test topshirishgan, natija kovid borligini ko'rsatgan. Bolada 3 kun ichida pnevmoniya alomatlari aniqlanmasa, uy sharoitida bemalol davolasa bo'ladi. Fuqarolarga bunday holatda qanday yo'l tutilishini tushuntiryapmiz, mabodo pnevmoniyaga o'tsa, statsionar sharoitda davolanish shart», deydi shifokor.

Mutaxassisning aytishicha, bolani statsionarda yotqizishda bir necha holatga e'tibor berish kerak:

-bolada hansirash kuzatilsa;

-nafas olishi yomonlashsa;

-saturatsiyasi tushib ketsa;

-holsizlanish kuzatilsa;

-tana harorati 3 kun davomida 38,5dan baland bo'lsa.

 

Osma ukol va antibiotiklar bolaga zarar yetkazadi 

«Statsionar davolanishda bolaning holatiga qarab turli dorilar ishlatiladi. Bolada pnevmoniya aniqlangandagina antibiotiklar ishlatilishi tavsiya etiladi. Lekin uy sharoitida mutlaqo tavsiya qilinmaydi. Bundan tashqari, osma ukollar ayniqsa aholi orasida juda keng tarqalgan, bolalarga osma ukollar qilishda juda ehtiyotkor bo'lish zarur. Chunki bolada osma ukol tufayli o'pka shishishi tez ro'y beradi. Shu sababli uyda bolaga osma ukol qilish man etiladi. Bizning statsionarda 250dan ortiq bemor davolanyapti, hammasi tuzalib tez kunda uyiga qaytyapti. Sharoitlar yaratilgan va barcha zarur dorilar olib kelingan.

O'tgan yili virusga chalinish bolalarda kam uchragandi, hozirgi kunda mutatsiyalangan virusga chalinish holatlari ko'proq bolalarda kuzatilmoqda. Bolalarda yengil o'tsa ham, ular tashuvchi bo'lib kattalarga yuqtirish holati ko'p bo'lyapti.

Bolalarda COVID-19’ni davolashda analiz diagnostikasi va davolash bo'yicha markazimiz mutaxassislari, akademik, professorlar tomonidan tavsiyanomalar ishlab chiqilgan. Sog'liqni saqlash vazirligi buni respublika bo'ylab qo'llashni tavsiya qilgan. Unda butun dunyoda o'rganilgan tajribalar umumlashtirib berilgan. Hozirgi vaqtda bolalarda kasallik 95-97 foiz yengil, simptomsiz va o'rta holatda kechmoqda. Bunda uy sharoitida davolanish ham mumkin.

Yuqoridagi holatlarda yaqqol belgi isitma ko'tarilishi hisoblanadi. Bunda 1 yoshgacha bolalarda 38, bir yoshdan katta bolalarda 38,5dan baland bo'lsa, isitma tushirishga harakat qilinadi. Davolash protokollarimizda uy sharoitida davolashda 3tagina dori tavsiya etilgan. Bu oilaviy poliklinikalarga berilgan, bular vitamin D, askorbin kislotasi, sink preparati. Kattalardan farqli ravishda bolalar uchun yoshiga mos dozada berish kerak.

Tavsiya etilmaydigan dorilar ro'yxatiga antibiotiklar kiritilgan. Ba'zi ota-onalar bir-ikki kun isitmalagan bolaga antibiotiklar berishi kuzatilyapti. Bu bolaga foyda o'rniga ziyon yetkazadi.

Bolalarda isitma ko'tarilib, kovid alomatlari ko'rina boshlasa birinchi navbatda uni yakkalash kerak, ya'ni izolyatsiyaga olib uydagi boshqa insonlar bilan muloqotini cheklash lozim. Shuningdek, statsionarda davolanib chiqqan bolalar ham 14 kun davomida boshqalardan alohida xonada olib o'tiriladi. Keyingi bajariladigan ishlar har kuni bolaning yuz-qo'lini yuvish, ota-onasi odam ko'p to'planadigan joylarga chiqqanda niqob taqishi shart».

Bolalarda COVID-19’ning asoratlari keyinchalik kuzatilishi mumkinmi?

«Albatta, bolalarda ham kovid asoratlari qolishi mumkin. Bu qanday hollarda uchraydi: agar bola sog'lom tug'ilib va sog'lom yurgan bo'lsa-yu, to'satdan kasallikka chalinib davolanib chiqqan bo'lsa, bu holda asoratlar qolmaydi. Lekin immun tanqisligi bo'lgan bolalar, xronik kasalligi bo'lgan bolalar va nasliy kasalligi bo'lgan bolalarda kovid kasalligi turli asoratlar qoldirishi mumkin. Bizning ixtisoslashgan markazda barcha mutaxassislar jamlangan, mobodo yuqoridagi holatdagi bemorlar keladigan bo'lsa, alohida yondashiladi va asoratlar qolmasligiga harakat qilinadi. Hozirgacha adabiyotlarda olimlar ko'rsatgan asoratlar uchramadi. Bu albatta davolanish to'g'ri qilinayotganini ko'rsatadi.

Barcha ota-onalar murojaat qilib aytardimki, 95-97 foiz bolalarda ushbu kasallik yengil va simptomsiz kechmoqda, shuning uchun isitma ko'tarilganda vahimaga tushmasdan, mahalliy shifokorga murojaat qilib maslahatlashish, tavsiya qilingan dorilardan tashqari antibiotik va osma ukollarni olmaslikni tavsiya qilaman. Agarda 3 kundan so'ng ham bola isitmalasa, saturatsiyasi 93dan ko'tarilmasa, statsionarga murojaat qilishlarini so'rayman», deydi shifokor.

loading...