Yurtimizga AQShdan koronavirusga qarshi 3 million 60 doza Moderna vaksinasi keltirildi

0

O'zbekistonga koronavirusga qarshi 3 million 60 doza Moderna vaksinasi olib kelindi. Vaksina AQSh tomonidan Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining COVAX dasturi doirasida ajratilgan bo'lib, ayni shu soniyalarda maxsus havo qatnovi vositasida AQShning Alabama shtatidan yurtimizga yetkazib berildi.

Aeroportda yukni qabul qilib olish jarayonida O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari Behzod Musayev, Sog'liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig'i, Bosh davlat sanitariya vrachi Bahodir Yusupaliyev, xalqaro miqyosda esa AQShning O'zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Deniel Rozenblyum, USAID ning O'zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit, YuNISEFning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mammedzade, Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchisi Kristofer Fitspatrik va boshqa mas'ullar ishtirok etishdi.

Ma'lumki, «Moderna» kompaniyasining koronavirusga qarshi qo'llaniladigan 3 million 60 doza vaksinasini O'zbekiston uchun AQSh beg'araz ko'mak tariqasida ajratdi.

Aytish lozimki, Moderna Qo'shma Shtatlarda qo'llanilayotgan 3 ta vaksinadan bittasi hisoblanadi. Shuningdek, AQSh Kasalliklar nazorati va ularning oldini olish bo'yicha markazi (CDC) ma'lumotiga ko'ra, «Moderna» kompaniyasining vaksinasi 94 foizdan ziyod samaradorlikka ega bo'lgani holda COVID-19 virusi yuqishini bartaraf etadi.

Ahamiyatli jihati, Amerikaning Moderna vaksinasi JSST tomonidan favqulodda holatlarda foydalanish uchun tasdiqlangan («Pfizer», «Johnson & Johnson» kompaniyalarining vaksinalari, shuningdek, «AstraZeneca» kompaniyasining ikki turdagi preparatidan so'ng) beshinchi vaksina hisoblanadi. JSST ekspertlar guruhi vaksinaning virusga qarshi 94,1 foiz samarador ekanini ta'kidlab, uni 18 yoshdan katta bo'lgan barcha aholi guruhlari uchun tavsiya qilgan.

JSSTning ma'lumotiga ko'ra, vaksina ko'p dozali flakonda –25ºC dan –15ºC gacha bo'lgan muzlatilgan suspenziya sifatida yetkazilsa-da, flakonlarni birinchi dozani olishdan oldin 30 kungacha 2–8°C haroratda sovutgichda saqlash mumkin. Bu degani preparatni joylarga yetkazish uchun sovuqlik zanjirini ta'minlovchi uskunalar bo'lishi har doim ham shart emas. Uni oddiy sovutkichda ham saqlasa bo'ladi. Mazkur vaksina teri ostiga yuboriladi, emlash 28 kunlik interval bilan ikki dozadan iborat.

Eslatib o'tamiz, joriy yilning mart oyida COVAX dasturiga asosan 660 ming doza AstraZeneca vaksinasi keltirilgan edi. Shunday qilib, jami vaksina zaxirasi 12 million 580 ming 60 dozani tashkil qilmoqda.
Ulardan:

-370 ming dozasi «Sputnik V»,

-710 ming dozasi AstraZeneca,

-8,5 million dozasi ZF-UZ-VAC2001,

– 3 million 60 dozasi Moderna vaksinasidir.

Hozirda yurtimizda (28 iyul holatiga ko'ra) koronavirus infeksiyasiga qarshi jami 6 982 431 doza vaksinadan foydalanildi, 1 149 687 nafar fuqaro to'liq emlandi.

Bugun, 30 iyul kuni soat 11:00 da Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati binosida rasmiy vakillar ishtirokida Moderna vaksinasini rasmiy topshirish marosimi bo'lib o'tadi.

Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.

loading...