Toshkentda aholini Moderna vaksinasi bilan emlash boshlandi

0

AQShdan O'zbekistonga 3 million doza Moderna vaksinasi olib kelingani to'g'risida xabar berilgandi. Telegram’dagi «Vaksina.uz» kanalining yozishicha, Toshkent shahar Mirzo Ulug'bek tumani 9-sonli oilaviy poliklinikasida mazkur vaksinasi bilan emlash ishlari boshlangan.

Ta'kidlanishicha, mazkur oilaviy poliklinika uchun har biri 15 dozani o'z ichiga olgan jami 30 ampula ajratilgan. Saqlash sharoitlariga qat'iy rioya qilinmoqda.

Vaksina ikki dozada qilinadi. Oraliq davr — 28 kun. «Mazkur vaksinani istalgan odam o'z oilaviy poliklinikasida olishi mumkin. O'zingiz bilan pasport nusxasini oling. Poliklinikaga borishdan avval qo'ng'iroq qilib, vaksina kelgan-kelmaganini aniqlashtiring», — deyiladi xabarda.

Ma'lumot uchun, Moderna vaksinasi JSST tomonidan favqulodda holatlarda foydalanish uchun tasdiqlangan (Pfizer, Johnson & Johnson kompaniyalarining vaksinalari, shuningdek, AstraZeneca kompaniyasining ikki turdagi preparatidan so'ng) beshinchi vaksina hisoblanadi. JSST ekspertlar guruhi vaksinaning virusga qarshi 94,1 foiz samarador ekanini ta'kidlab, uni 18 yoshdan katta bo'lgan barcha aholi guruhlari uchun tavsiya qilgan.

Avvalroq Ozarbayjon O'zbekistonga 50 ming doza AstraZeneca vaksinasini yuborgani, mamlakatga 1,2 million doza Pfizer vaksinasi olib kelinishi to'g'risida xabar berilgandi.

 

loading...