Yaponiya va Tailandda COVID-19 bilan kasallanish bo'yicha rekordlar qayd etildi

0

Kasallanish holatlarining keskin ko'payishi birinchi navbatda delta-shtamm tarqalishi bilan bog'liqligi aytilmoqda.

Ayni paytda Olimpiya o'yinlariga mezbonlik qilayotgan Tokioda so'nggi 24 soat ichida rekord darajada ko'p — 4058 kishida virus aniqlangan. Olimpiada tashkilotchilari bir kecha-kunduzda COVID-19 yuqtirish bo'yicha 21 ta yangi holat haqida ma'lum qildi. Olimpiada boshidan buyon 241 nafar ishtirokchi koronavirusga chalingan.

Tokioda epidemik vaziyat yomonlashishi tufayli favqulodda vaziyat rejimi 31 avgustgacha uzaytirildi. Ushbu rejim, xususan, umumiy ovqatlanish muassasalarida alkogol sotilishini taqiqlash va ommaviy tadbirlarga tomoshabinlar kiritilishini cheklashni nazarda tutadi.

Shuningdek, Tailand ham koronavirus tarqalishi bilan bog'liq rekord raqamlar haqida ma'lum qildi. Mamlakatda bir kunda 18 912 kishida virus tasdiqlanib, jami kasallanganlar soni 597 287 kishiga yetdi. Hukumat ma'lumotlariga qaraganda, butun mamlakatda kasallanish holatlarining 60 foizi, Bangkokda esa 80 foizi delta variant hissasiga to'g'ri keladi.

Malayziyada ham rekord qayd etildi: bir kecha-kunduzda 17 786 kishi koronavirusga chalindi. Hukumatning pandemiya bilan bog'liq xatti-harakatlaridan norozi bo'lgan 100 mingdan ortiq odam Kuala-Lumpur markazida to'plandi. Ular bosh vazir Muhiddin Yassinning iste'fosini talab qildi.

Bundan tashqari, koronavirus bilan kasallanishning o'sishi Avstraliyaning Sidney shahrida ham kuzatilmoqda. Sidney joylashgan Yangi Janubiy Uels shtati hukumati Sidneyda va unga yondosh hududlarda delta-shtamm avj olishi tufayli 210 ta yangi holat haqida ma'lum qildi. Shu munosabat bilan shahar aholisiga uylaridan besh kilometrdan ortiq uzoqlashish taqiqlandi. Shuningdek, politsiya avgust oxirigacha davom etadigan qat'iy izolyatsiyaga qarshi norozilik oldini olish maqsadida shaharning markaziy ishbilarmonlik qismini qurshab oldi.

Xitoy sharqiy Nankin shahrida delta shtammi avj olishi bilan bog'liq vaziyatga duch keldi. Hukumati kasallanishning keskin avj olishini Rossiyadan uchib kelgan samolyot bilan bog'ladi. Birinchi bo'lib, ushbu reysdan keyin samolyot salonini tozalagan aeroport xodimlari virusga chalindi.

loading...