JAVOHIR ZOKIROV BAXTIYoR ZOKIROV HAQIDA

0

Ayrim odamlarni eslaganda beixtiyor “Es-siz!” deb yuborasan. Baxtiyor akam yodimga tushsa, ruhimda shunday bir tushkunlikni his qilaman. Hayotga moslasha olmaganyosh bola edi go'yo. Shaxsiy manfaati yo'lida birovni xafa qilish, chuv tushirish tugul, oddiygina aldashni ham bilmasdi. Ba'zida beg'uborlik, samimiyat odam uchun qimmatga tushar ekan.

Oilamizda “Baxtiyorning bolaligidek baxtli bolalik bo'lmagan”, degan gap ko'p aytiladi. Kimki ko'rsa, “Ana Botir Zokirovning o'g'li”, deya havas bilan qaragan. Faqat qarindosh-urug'ning emas, balki butun Toshkentning arzandasi bo'lgan, deyishadi.

Baxtiyor akam Moskvada, VGIKda o'qigan. Ta'til payti uyga kelganida Shohista buvim yonlariga chaqirib,cho'ntagiga 20-30 so'mcha tiqib qo'yardilar. Akam juda o'ng'aysizlanib, pulni astoydil qaytarmoqchi bo'lardi. Biz hayron qolardik: eh-he, bunga qancha muzqaymoq berardi, qizlar bilan qancha kinoga tushish mumkin edi (kuladi).
Bolalik Baxtiyor akamning baxtini ham o'zi bilan olib ketdi.

Katta talanti, ko'rkam qiyofasi, kamiga Botir Zokirovning o'g'li bo'la turib, na san'atda, na shaxsiy hayotda munosib izzatni ko'rdi. Bunga, albatta, o'zining fe'li – uchar emasligi va yana o'zbekcha bilmasligi ham sabab edi, menimcha. Ona tilida gapira olmagani uchun uyalardi, qimtinardi, jamiyatda o'zini begonadek his etardi.

Baxtiyor Zokirov umrining oxirida teatr studiyasi ochish orzusi bilan yashadi. Lekin qaerga borsa, berk eshiklarga duch kelaverdi. Umuman, har qadamda taqiq deb atalmish, allaqanday ko'rinmas devorga peshonasi urilardi. “Nega? Nima uchun? Aybimiz nima?” deb hayronlar qolardi. Bu mavhumlikning azobini chekish adam kabi akamga ham og'ir kechdi. “Ilhom” teatrida kuyib-kuyib olamdan o'tdi.

Amplua tushunchasi yot, ko'p qirrali aktyor edi. Mashhur Jonni Deppni yodga solardi. Hozir o'zbek kinosida Baxtiyor Zokirovning o'rni juda-juda bilinyapti. Nima qilamiz endi, yaxshi insonlarning umri ba'zan shunday kechar ekan.