Gvineyada yana bir o'limvor virus paydo bo'ldi

0

Jahon sog'liqni saqlash xizmati va Gvineya hukumati Marburg kasalligidan ilk o'lim holatini tasdiqladi. Bu kasallikni Ebola kasalligiga sabab bo'lgan virusga o'xshash xususiyatlarga ega bo'lgan virus keltirib chiqargan. U xuddi Covid-19ga sabab bo'lgan koronavirus kabi hayvondan insonga yuqadi.

 

Shaxsi oshkor etilmagan erkak 25 iyul kuni kasallikka chalingan va 2 avgust kuni Gvineyaning Liberiya va Syerr-Leone bilan chegara hududidagi Gukedu shahri yaqinidagi qishloqda vafot etgan. Uni bezgakka qarshi davolashgan, Ebola uchun olingan test manfiy natija ko'rsatgandi. O'limidan keyingi tahlillar uning organizmida Marburg virusi bo'lganini ko'rsatgan.

Marburg kasalligi ilk marta Germaniyaning shu nomli shahrida 1967 yilda aniqlangan. O'shanda Marburgdagi kichik laboratoriya xodimlarini qandaydir notanish epidemiya qamrab olgandi. Tekshirishlarda virus laboratoriyaga Ugandadan tajriba uchun olib kelingan yashil martishka orqali kirib kelgani ma'lum bo'lgan. Infeksiya bilan 31 kasallanish holati va 7 o'lim holati qayd etilgan.

Keyinroq ushbu kasallik Sudan, Keniya, Angola, Uganda, JAR va Kongo Demokratik Respublikasi hududlarida tarqalishi kuzatilgan. Hozirgi holat – G'arbiy Afrikada ilk holat.

Marburg laboratoriyasida virus epidemiyasi ilk marta qayd etilganda unga chalinganlarning 24 foizi vafot etgandi. Lekin aynan shu virusning 1998–2000 yillarda Kongoda avj olgan epidemiyasida o'lim darajasi 80 foizdan oshgan. Shunga yaqin dahshatli ko'rsatkich 2005 yilda Angolada ham qayd etilgan.

Marburg virusi ko'p jihatdan Ebolaga o'xshaydi. Unda odam tanasida juda kuchli zo'riqish va isitma yuzaga keladi. Virus ovqat hazm qilish tizimi va markaziy asab tizimiga kuchli ta'sir qiladi, davolanish jarayoni juda og'ir kechadi. Ilk alomatlar – yuqori isitma, kuchli bosh og'rig'i va holsizlanish. Tana a'zolaridan qon ketishi kuzatilishi mumkin. Og'ir hollarda ichki organlar birin-ketin ishdan chiqadi va organizm kuchli shok holatidan o'limga yuz tutadi.

Ushbu infeksiyaning asosiy tashuvchisi ko'rshapalaklar hisoblanadi. G'orlarga yoki ko'rshapalaklar koloniyasiga aylangan tashlab ketilgan tog' konlarga tashrif buyurilganda virus yuqtirib olish ehtimoli yuqori bo'ladi.

Marburg virusi insondan insonga havo-tomchi yo'li orqali, shuningdek, organizm ajratmalari va yaqin kontakt orqali yuqadi.

Hozircha «nolinchi patsient» yana kimgadir virus yuqtirgani ma'lum emas. Lekin shunday bo'lishi ehtimoli yuqori, chunki Gukeduda har yakshanba kuni katta bozor bo'ladi.

JSST dushanba kuni xavf darajasini G'arbiy Afrika uchun yuqori, dunyoning qolgan qismi uchun past deb baholadi.

Xavotirli xabar Gvineyada shu yilning fevralida qayta avj olgan va 12 kishini hayotdan olib ketgan Ebola ustidan g'alabaga erishilganidan ikki oy vaqt o'tib paydo bo'ldi.

«Marburg virusi keng tarqalib ketishi mumkin, shu tufayli uni avvalboshdayoq jilovlash kerak», degan JSSTning Afrika bo'yicha hududiy direktori Machidiso Moeti.

«Biz gvineyalik shifokorlarning yuqori tayyorgarligi va tezkor reaksiyasini olqishlaymiz. Biz ular bilan hamkorlik qilamiz va ularning Ebolaga qarshi kurashdagi tajribasiga tayanamiz», deya qo'shimcha qilgan u.

JSSTning o'nlab epidemiologlari ayni vaqtda Gvineyaga yetib kelgan. Vafot etgan shaxsning oila a'zolari bo'lgan uch kishi shifokorlarning doimiy nazoratida bo'lib turibdi. U bilan aloqada bo'lgan boshqa shaxslar ham qidirilmoqda.

Hozircha Marburg kasalligiga qarshi vaksina yaratilmagan.

kun.uz

loading...