Braziliyada tashlandiq binoga yashirincha kirgan o'smirlar noyob klassik avtomobillar kolleksiyasiga duch keldi

1

Ijtimoiy tarmoqlarda Braziliyaning Rio-Grandi-du-Sul shtatida XX asrning o'rtalariga tegishli noyob avtomobillar kolleksiyasi saqlangan tashlandiq bino suratlari tarqaldi. Noodatiy kolleksiyani ruxsatsiz shaxsiy hududga kirgan 15 yoshli o'smirlar topgan bo'lib, bu haqda ular WhatsApp orqali do'stlariga «ulashgan» va mahalliy politsiya e'tiboriga tushgan, deb xabar beradi Motor.

Tashlandiq bino xususiy muzey bo'lib, unda mahalliy kolleksioner 1920—1970 yillarga tegishli turli avtomobillarni saqlagan. Qalin chang qatlami ostida qolgan transport vositalari orasida noyob Ford Model T, Chevrolet Corvair va Styleline, shuningdek, Renault Dauphine, Morris Oxford va Hudson Hornet o'rin olgan. Uzoq yillar davomida bir joyda turganiga qaramay, avtomobillarning aksariyati yaxshi holatda saqlangan.

Citroen DS

Ikkinchi qavatga ko'tarilgan o'smirlar yanada noyob nusxalarga duch kelgan. Deyarli chirib ketgan yog'och pol ustida Austion A90 Atlantic kabrioleti, Chrysler Airflow kupesi, o'tgan asrning o'rtalariga tegishli bir nechta Ford miniveni, shuningdek, Renault Gordini, Ford Consul sedani va hatto uch g'ildirakli Hennessey Goliath turgan.

Chevrolet

Xususiy muzey hech qachon keng omma uchun ishlamagan. Binoda yig'ilgan avtomobillarni faqatgina uning egasi va yaqin do'stlari tomosha qilgan. Kolleksionerning o'limidan so'ng ikki qavatli muzey meros bo'lib uning qarindoshlariga o'tgan va bino qarovsiz qolib ketgan.

Fiat

Fiat 124 Coupe

Binoga noqonuniy kirish amalga oshirilgach, bunga Braziliya politsiyasi qiziqish bildirgan. Idora xodimlari muzey egalarini sodir bo'lgan holat haqida ogohlantirgan, bir necha kundan so'ng noyob avtomobillarning bir nechtasi sotuvga qo'yilgan. O'zganing hududiga kirgan o'smirlarning ota-onalari bilan suhbat o'tkaziladi.

1 TA FIKR

Comments are closed.