Gollivud Jonni Deppga boykot e'lon qildi

0

Jonni Depp Britaniyaning The Sunday Times gazetasiga bergan intervyusida AQShda o'zi bosh rolni ijro etgan «Buyuk» (Minamata) filmi hamon prokatga chiqmagani sabab «Gollivud unga boykot e'lon qilganini» so'zlab berdi, deb yozadi Esquire.

Deppning so'zlariga ko'ra, boykot «medianing bema'niligi» bilan bog'liq, Gollivud hamjamiyatidan «uzilgan» holda o'tkazilgan so'nggi besh yil esa aktyor uchun «syurrealistik» bo'lgan. Aktyorning ta'kidlashicha, hozirda u «barchasi oydinlashishi uchun kerakli tomonga harakatlanmoqda». Deppning qo'shimcha qilishicha, «Buyuk» filmi uning o'ziga bog'liq muammolarga qaramasdan, tomosha qilinishga loyiq.

«Ayrim filmlar rostdan ham insonlarga taalluqli. Va bu Minamata aholisini va shunga o'xshash holatni boshidan o'tkazgan insonlarga ta'sir qiladi. Nima uchun Gollivud men sabab filmni boykot qildi? Shuncha yil davomida birinchi bor yoqimsiz va chigal vaziyatga tushib qolgan birgina inson, birgina aktyor uchun boykot», — deydi Depp.

«Buyuk» filmi rejissyori Endryu Levitas Metro-Goldwyn-Mayer va kartina homiylariga kinokompaniya o'z lentasini AQShda targ'ib qilishga urinmayotganiga norozilik xati yo'llagan. Levitas MGM xaridlar bo'limi boshlig'i Sem Uollmanning rejissyorga studiyaning «filmni ko'mish» borasida aytgan qaroridan iqtibos keltirgan. Levitasga buni Depp va MGM o'rtasidagi mojaro kompaniyaga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin deya tushuntirishgan.

2020 yilning kuzida Jonni Dep sobiq rafiqasi Ember Xyordga nisbatan zo'ravonlik qilgani haqida material chop etgan The Sun gazetasiga nisbatan sudda yutqazib qo'ygan edi. Londondagi sud javobgarning aktyor o'zining sobiq rafiqasini muntazam kaltaklab kelgani to'g'risidagi faktlarini qabul qilgan. Shundan keyin Depp «Fantastik maxluqlar»dagi Grin-de-Valda rolidan va «Karib dengizi qaroqchilari»ning spin-offidagi kameodan ajralgan edi.

loading...