Ashraf G'ani BAAdan Afg'oniston aholisiga murojaat qildi

0

Afg'onistondan qochib ketgan mamlakat prezident Ashraf G'ani afg'on xalqiga videomurojaat qildi. U murojaatini o'zining Facebook sahifasiga joyladi.

Siyosatchining aytishicha, u Birlashgan Arab Amirliklarida bo'lib, Kobuldan ketayotganida o'zi bilan pul olib ketmagan.

«Men sizga Kobul qulagan kuni nima bo'lganini batafsil keyin aytib beraman. Afg'onistonni tark etishga majbur bo'ldim, chunki men Kobulda qon to'kilishiga sababchi bo'lishni xohlamadim. Kobuldan pul bilan ketganim haqidagi ayblovlar haqiqatga to'g'ri kelmaydi. Bu yolg'on, men bir ko'ylak, salla va poyabzal bilan mamlakatni tark etdim va bitta sumkada bir nechta kitobni olib ketdim», — degan Ashraf G'ani va tez orada Afg'onistonga qaytishini va'da qilgan.

Shuningdek, u «Tolibon» harakati vakillari Kobulga kirmaslikka va'da berganini, lekin prezident saroyini oldindan o'rab olganini ta'kidlagan. Afg'onistonning sobiq rahbari o'z vatandoshlarini o'z xalqini sotgani va o'z najoti uchun qochgani haqidagi da'volarga ishonmaslikka chaqirgan.

«Agar kimdir sizga prezident sizni o'z moliyaviy manfaatlari uchun va o'z jonini saqlab qolish uchun sotgan, desa, ishonmang», — degan G'ani.

Shu bilan birga, u Afg'onistonda unga qarshi fitna uyushtirilganini aytgan.

«Xavfsizlik kuchlari xodimlari menga fitna borligini aytdi. Men 15 avgust, yakshanba kuni ofisimda odatdagidek ishladim. Tushlik payti Kobuldagi vaziyatni baholash uchun Mudofaa vazirligiga bordim. To'satdan mening qo'riqchilarim katta fitnaning oldini olish va meni tashqariga chiqarish uchun keldi», — degan u.

O'z navbatida, AQSh davlat kotibining o'rinbosari Uendi Sherman Ashraf G'anining afg'on xalqiga qilgan murojaatiga izoh berar ekan, Afg'onistonning qochoq prezidenti endi o'z mamlakatining siyosiy arbobi emasligini aytgan.

loading...