Qirg'iziston Afg'onistondagi vaziyat tufayli Tojikiston va O'zbekiston bilan chegarani mustahkamlamoqda

0

Qirg'iziston Davlat chegara xizmati tomonidan xavfsizlikni ta'minlash maqsadida davlat chegarasining qirg'iz-tojik va qirg'iz-o'zbek uchastkalarida qo'shimcha vaqtinchalik chegara postlari o'rnatildi, shuningdek, rejalashtirilgan razvedka-qidiruv ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Qirg'iziston Milliy xavfsizlik davlat qo'mitasi Chegara xizmati matbuotiga tayanib, Anadolu Agency xabar berdi.

Matbuot xabarida aytilishicha, Afg'onistondan Qirg'izistonga qochqinlar kelayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma'lumotlar ishonchli emas.

Qirg'izistonning Afg'oniston bilan umumiy chegarasi yo'q.

«Shu bilan birga, chegara xizmati Afg'onistonda sodir bo'layotgan voqealarni hamda Tojikiston, O'zbekiston va Turkmaniston bilan chegaradagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Qirg'iziston Chegara xizmati qo'shni davlatlarning chegara vakillari idoralari bilan o'zaro manfaatli ma'lumot almashish bo'yicha hamkorlikni faollashtirdi. Qirg'iziston davlat organlari va huquqni muhofaza qilish organlari bilan qo'shma harakatlar rejasi ishlab chiqildi va davlat chegarasida vaziyat keskinlashgan taqdirda o'zaro ta'sir mexanizmi ishlab chiqildi», — deyiladi xabarda.

Avvalorq Qozog'iston prezidenti Qosim-Jo'mart To'qayev davlat organlari vakillari bilan uchrashuvda Afg'onistondagi vaziyatga tezkor javob choralarini muhokama qilgandi. Prezident tegishli idoralarga Afg'onistondagi vaziyatning rivojlanishini har tomonlama kuzatishda davom etish vazifasini yuklagan.

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vakili 14 avgust kuni 84 afg'on harbiylari O'zbekiston bilan chegarani kesib o'tib, yordam so'raganini ma'lum qilgandi. Afg'oniston bilan chegaradosh bo'lgan Surxondaryo viloyatining Termiz tumanidagi chodirli lagerga 100 dan ortiq afg'onistonlik qochqinlar joylashtirilgan. Sputnik ma'lumotlariga ko'ra, qochqinlar soni 150 ga yaqin, ulardan 17 nafari ayollar va bolalar. Bu odamlarning yashash muddati va keyingi taqdiri haqida hozircha xabar berilmagan.

daryo.uz

loading...