Vaksinalar inson DNKsiga ta'sir qilishi rostmi? Shifokor javob berdi

0

Vaksinalar DNKga ta'sir qiladimi? Emlash inson genomiga ta'sir ko'rsata oladimi? Koronavirusga qarshi vaksinaning nojo'ya ta'siri qanday aniqlanadi?

Vaksinaning nojo'ya ta'siri 10 yildan keyin yoki undan ko'p vaqt o'tgach paydo bo'lishi mumkinmi?

Biotexnolog, biologiya fanlari doktori Alisher Abdullayev shu va boshqa savollarga javob berdi.

— Vaksinalarning genomga ta'siri 20 yildan oshiq o'rganilmoqda. Bugungi kundagi ma'lumotlarga ko'ra, vaksinalar genomga o'rnashmaydi. Rekombinant, m-RNK va adenovirus vaksinalari DNKga hech qanday ta'sir ko'rsatmaydi. Vaksina dizaynini ishlab chiqish bo'yicha ma'lum talablar mavjud. Vaksinaning hech qanday elementi konstruksiyaning yoki vektorning inson genomiga integratsiya qilishiga yordam bermasligi kerak.

Olimlar preparatlarni avval hujayralarda, keyin hayvonlarda sinab ko'rishadi. Har bir bosqichda preparat bo'laklari genomga integratsiyalashmayotgani tekshiriladi. Doimiy monitoring o'tkaziladi. Tadqiqotlar maqolalarida biz inson genomida emlash qoldiqlari yoki bo'laklari yo'qligini ko'ramiz. Vaksinalar shunday tuzilganki, ular hujayraga kirgandan so'ng kerakli mahsulotga aylanadi, so'ngra immunitet tizimi tomonidan hujayra bilan birga yo'q qilinadi va tanadan chiqariladi.

«Aniq bo'lmagan ma'lumotlarga asoslanib xulosa chiqarish mumkin emas. Bu xuddi emlanganlar avariyalarda vafot etadi deyish bilan barobar. To'laqonli tadqiqot olib borish zarur. Agar bir necha o'nlab yoki yuzlab million odamlardan mingtasi qandaydir patologiyaga duchor bo'lgan bo'lsa, xuddi shu oqibatlardan emlanmagan qancha odam halok bo'lganiga ham e'tibor qarating», — deydi u.

gazeta.uz