22 nafar o'zbekistonlik yoshlar Rossiyaga o'qish uchun yuborildi

0

Butunrossiya davlat kinematografiya institutida yangi o'quv yilining boshlanishiga bag'ishlangan tantanali tadbir bo'lib o'tdi. Bayramda mazkur institutga o'qishga kirgan 22 nafar o'zbekistonlik yoshlar ham ishtirok etishdi.

Ma'lumotlarga ko'ra, Butunrossiya davlat kinematografiya instituti 1979 yildan beri ilk marotaba aktyorlik ustaxonasiga o'zbekistonlik talabalarni jalb qilgan.

Talabalar 4 yil mobaynida «Maysaraning ishi», «Ibrat», «Baron» va boshqa filmlari bilan O'zbekistonda mashhur bo'lgan Rossiyada xizmat ko'rsatgan artist Farhod Maxmudov ustaxonasida akademik amaliyotni o'taydi.

Kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o'tgan yoshlar barchasi oliygoh rektori Vladimir Malishev va ma'muriyati vakillari bilan tanishdi.

«Nihoyat, kinematografik ta'lim sohasidagi O'zbekiston va Rossiya o'rtasida yo'qolgan aloqalar tiklanmoqda. Biz bu uchun uzoq yo'l bosib o'tdik. O'zbekistonlik iqtidorli yoshlar VGIK devorlari ichida kino asoslarini, aktyorlik va rejissyorlik mahoratini o'rganayotganidan baxtiyorman. Bu mamlakatlarimiz o'rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash uchun asos bo'lib xizmat qiladi», – dedi VGIK rektori Vladimir Malishev.

Butunrossiya davlat kinematografiya instituti talabalari uchun o'tkazilgan marosimda O'zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov ishtirok etdi:

– Shuni alohida ta'kidlash kerakki, o'zbekistonlik talabalarni o'qitishni tashkillashtirish, shuningdek, Toshkent shahrida intstitutning filialini ochish tashabbusi shaxsan O'zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga tegishli, – deya ta'kidladi O'zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori.

 – Misol uchun, Prezident institut filialini ochish haqidagi qarorga aynan bayram kunlari arafasida  imzo chekdi. Bu mamlakatimiz kinematografiyasi vakillari uchun yana bir ajoyib yangilik bo'ldi. Biz rahbariyat bilan institut filialining ochilish marosimini shu yilning 28 sentyabridan 3 oktyabrigacha bo'lib o'tadigan «Ipak yo'li durdonasi» XIII Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida o'tkazishga kelishib oldik», – dedi Kinematografiya agentligi rahbari.

Filial faoliyatining asosiy yo'nalishlari – kinokompaniyalar va kinostudiyalarning yuqori malakali kadrlarga bo'lgan ehtiyojini hisobga olgan holda yuqori malakali ijodiy kadrlar tayyorlash, shuningdek, kinematografiya sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borishdan iborat bo'ladi. Filialning birinchi talabalari 2021/2022 o'quv yilida qabul qilinadi. Filial bitiruvchilari Rossiya diplomiga ega bo'ladilar, u O'zbekistonda ham tan olinadi.

O'zbekistonlik talabalarni o'qitish bilan bog'liq barcha xarajatlar O'zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan qoplanadi. O'qish yakunlanganidan so'ng, tomonlar o'rtasidagi kelishuvga ko'ra, yoshlar O'zbekistonga qaytishadi va kinematografiya sohasidagi faoliyatini o'z mamlakatlarida davom ettirishadi.

Firdavs Abduxoliqovning ta'kidlashicha, o'tgan yili Moskvadagi intitutga 7 nafar talaba o'qishga qabul qilingan bo'lsa, bu yil ularning soni 22 taga yetgan. Bu yil yana besh kishi uchun qo'shimcha joylar ochiladi. Shu bilan birga, aviaparvoz, o'qish va yotoqxona xarajatlarini O'zbekiston va Rossiya tomoni qoplaydi.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi 2019 yil dekabr oyida o'zbek kinoijodkorlarini universitet bazasida o'qitish to'g'risida Butunrossiya davlat kinematografiya instituti bilan shartnoma imzolagani haqida xabar bergan edi.

loading...